O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 9-oktabr kuni Pokiston respublikasi elchisi etib tayinlangan Sayid Ali Asad G‘iloniydan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, BMT, ShHT, Islom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilingan.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish masalalari hamda turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlarning jadvali bo‘yicha fikr almashgan.
O‘zaro tovar ayirboshlashning izchil o‘sayotgani hamda ikki tomonlama savdo hajmlarini yanada oshirish uchun ulkan salohiyatning mavjudligi qayd etilgan. Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish hamda mazkur mamlakatda transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining alohida masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.