2020-yilning avgust oyida dunyo smartfon bozorida muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu haqda “Terabayt.uz” xabar berdi.

Foto: Pixabay

Manbaga ko‘ra, avgust oyida sotilgan smartfonlar soni bo‘yicha Samsung birinchi o‘ringa chiqib olgan. Jahon bozorida uning ulushi 22 foizgacha ko‘tarilgan. Shu paytgacha yetakchi bo‘lib kelayotgan Huawei hissasi esa kamayib, avgustda 16 foizni tashkil etgan – ikkinchi o‘rin. Janubiy koreyaliklarning bu yutug‘ida Hindiston bozorining ahamiyati katta; Huawei smartfonlari esa u yerda rasman taqdim etilmagan.

Kuchli uchlikni 12 foizlik hissa bilan yana bir yetakchi smartfonsoz – Apple yakunlab turibdi. Qizig‘i, Xiaomi allaqachon unga yetay deb qolgan: xitoylik bu kompaniya o‘tgan oyda dunyo smartfon bozorining 11 foizini egallagan.

Mutaxassislarning fikricha, 30-sentabr kuni Xiaomi Mi 10T, Mi 10T Lite hamda Mi 10T Pro smartfonlarini namoyish etgach “Xitoycha Apple” hatto kupertinoliklardan o‘zib ketishi ham mumkin. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, bu ko‘pga cho‘zilmaydi – iPhone 12 turkumi taqdimotidan so‘ng Apple savdo ko‘rsatkichlari ortishi aniq.