Samarqand viloyati Urgut tumanida “VAZ-2106” haydovchisi velosipedchini urib yubordi. Keyinchalik, yo‘l transport hodisasining ikkala ishtirokchisi ham bir maktabda, bir sinfda o‘qigan sinfdoshlar ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida lavha berilgan.

Foto: “Daryo”

Urgut tumani “A’loxotin” MFY hududida soat 20:30 lar atrofida sodir bo‘lgan YTHda 21 yoshli yigit halok bo‘lgan. “Jiguli” haydovchisining so‘zlariga ko‘ra u taxminan 80 kilometr/soat tezlik bilan harakatlanib ketayotgan vaqtida, oldidagi Lacetti kutilmaganda tezkor tarzda yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tib olgan va “VAZ-2106” haydovchisi velosipedchini ko‘rmay qolib, uni urib yuborgan.

Lavhada aytilishicha, jabrlanuvchi ham uni urib yuborgan sinfdoshi ham hali uylanmagan yigitlar. Halok bo‘lgan yigitning qarindoshi uning unashtirilgani, to‘y yaqin bo‘lgani haqida gapirgan.

Avval Samarqandda ikki Nexia ishtirokidagi YTH oqibatida yo‘lovchilardan biri halok bo‘lgani, Paxtachi tumanida Isuzu yuk mashinasi urib yuborgan Gentra’da ikki yo‘lovchi vafot etgani, Oqdaryo tumanida Lacetti hamda “PAZ-742” transport vositasining to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar berilgandi.