“Atletiko” rahbariyati jamoa himoyachisi Xose Mariya Ximenesni “Manchester Siti”ga sotishni istamadi.
Goal nashrining xabar qilishicha, “shaharliklar” urugvaylik futbolchi transferi uchun 85 million yevro taklif qilgan. Biroq “matraschilar” mazkur taklifga rad javobini bergan. Buni “Atletiko” prezidenti Enrike Serezo ham tasdiqladi.
“Ha, biz taklif oldik. Biroq Ximenes — buyuk futbolchi, bizga esa buyuk futbolchilar zarur”, — deydi Serezo.
Ximenesning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2023-yilga qadar mo‘ljallangan. Kelishuvda 120 million yevro tovon puli haqidagi band bor. Transfermarkt portali markaziy himoyachini 56 million yevroga baholagan.
2019/20-yilgi mavsumda Ximenes Ispaniya La Ligasida 21 ta o‘yin o‘tkazib, ikkita sariq kartochka oldi. Futbolchi mavsum bir qismini jarohat sabab o‘tkazib yubordi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)