O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-sentabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, 2020-yil O‘zbekistonda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, 28-aprelda Prezidentning “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Videoselektor yig‘ilishida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar, 2020-yil yakuni va 2021-yil birinchi choragiga mo‘ljallangan loyihalar muhokama etildi.

“Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish bo‘lmasligini tushunib yetishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni o‘ziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur o‘rganishi kerak”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil yakuni bo‘yicha har bir tarmoq va hudud rahbari raqamli iqtisodiyot sohasida keskin o‘zgarish qilishi zarurligi aytildi. Prezident bu yangilanishlarni odamlar o‘z hayotida, byurokratiya va korrupsiya kamaygani misolida, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tezlashganida sezishi lozimligini ta’kidladi.

Tuman va shahar hokimlari bir oyda 2-3 kun faqat raqamlashtirish bilan shaxsan shug‘ullanishi belgilandi. Ularning faoliyatiga hududda raqamlashtirish qay darajada yo‘lga qo‘yilganiga qarab baho beriladi. Bu sohada yaxshi natija ko‘rsatgan rahbarlarga 30 foizgacha ustama joriy qilinadi.

Davlat rahbari har doim, avvalo, aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilish zarurligini ta’kidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, ishchi guruhlar tomonidan 530 ta hududiy va 280 ta tarmoq loyihasi tayyorlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xususan, 2020-yil yakunigacha 14 ta va 2021-yil birinchi choragida yana 14 ta tumanda odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan sog‘liqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.

Masalan, “Elektron poliklinika” tizimini joriy qilish orqali qog‘oz hujjatlar 40 foizga, navbat kutish 60 foizga qisqaradi. Buning uchun markaziy shifoxona va poliklinikalarni to‘liq raqamlashtirish lozim.

Bugungi kunda Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlari joriy etilmoqda. Ushbu dasturlar kelgusi yili Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Shuningdek, “elektron kundalik”, “elektron darslik”, “o‘qituvchilarni baholash” tizimlarini barcha hududlarda joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2020-yilda belgilangan 14 ta tumanda ijtimoiy muassasalarni to‘liq raqamlashtirib, qolgan hududlar uchun namuna qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Raqamlashtirish iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkorlik va samaradorlikni ta’minlaydi. Masalan, Toyloq va Oqdaryo tumanlaridagi shag‘al kovlab olish karyerida mashinalarning yuk hajmini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida oylik tushum 3 milliard so‘mdan 8 milliard so‘mga oshgan.

Davlat soliq qo‘mitasiga noruda karyerlardan foydalanishda “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish, buning uchun yer qa’ri kovlanishi, yuk hajmi va mashinalar harakatini nazorat qiluvchi elektron tizimlarni ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda sanoat tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

“Raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yo‘q”, — deya ta’kidladi Prezident.

Kelgusi uch yilda neft, gaz va energetika sohasida 18 ta, metallurgiya bo‘yicha 12 ta, avtosanoat tizimida 9 ta, kimyo sanoatida 8 ta, tog‘-kon geologiya tarmog‘ida 4 ta raqamlashtirish loyihasi rejalashtirilgan.

Misol uchun, Muborak va Sho‘rtan neft-gaz korxonalarida avtomatlashgan dispetcherlik xizmati joriy etilgani tufayli yiliga 50 million kub metr gaz va 650 ming kilovatt/soat elektr energiyasini iqtisod qilishga zamin yaratildi. Asakadagi avtomobil zavodida logistika, xaridlar, xomashyo va butlovchi qismlar harakatini raqamlashtirish orqali 41 million dollar tejash mumkin. Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatidagi “Yoshlik-1” va “Qolmoqqir” konlarida transport kompleksi avtomatlashgan boshqaruv tizimini joriy qilish ham shunday samarali loyihalardan. Bu orqali yiliga 28 milliard so‘mlik mablag‘ tejaladi.

Prezident barcha loyihalarga mas’ullarni belgilab, ularni o‘z muddatida, sifatli bajarish, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bosh vazir va uning o‘rinbosarlariga o‘n kun muddatda o‘zlari mas’ul bo‘lgan soha va tarmoqlarni raqamlashtirish bo‘yicha joriy va kelgusi yil uchun rejalar ishlab chiqish yuklatildi.