Buxoro viloyati Jondor tumanidagi bank filiallaridan birining boshqaruvchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda huquq-tartibot organlaridagi manba “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xalq bankining Jondor tumani filiali boshqaruvchisi F.R. bir muddat avval bankning Galaosiyo filialiga rahbarlik qilgan. “R.T.” kompaniyasi norasmiy rahbari S.Ch. (u hozirda 10 milliard so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani uchun 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan) 2019 yil may oyida ushbu filialdan 950 million so‘m miqdorida kredit olgan.
Fuqaro S.Ch. bu pullarni o‘ziga tegishli “S.G.B.” va “S.S.B.” kompaniyalari hisob-raqamiga o‘tkazgan va kreditni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan. Natijada S.Ch.ning bank oldida muddati o‘tgan 811 million 583 ming so‘mlik qarzdorligi vujudga kelgan. O‘rganishlar davomida bank boshqaruvchisi fuqaro S.Ch.ga uning 180 million so‘mlik ko‘chmas mulklaridan birini taqiqdan chiqarishga hamda kredit mablag‘ini noqonuniy naqdlashtirishga yordam bergani aniqlangan.
Huquq-tartibot organlaridagi manbaning “Daryo”ga bildirishicha, hozirda “ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)