O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentabr holatiga ko‘ra, 34,6 milliard dollarni, xalqaro zaxiralar — 33,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda keltirilgan.
Spot’ning yozishicha, mamlakat zaxirasi oldingidek juda kuchsiz diversifikatsiya qilingan — deyarli barchasi oltin (18,8 milliard dollar) va xorijiy valyuta (15,4 milliard dollar) ko‘rinishida saqlanmoqda. Mazkur muammoni AQSh g‘aznachiligi obligatsiyalarini xarid qilish orqali yechish rejalashtirilmoqda.
Respublikaning oltin-valyuta zaxirasi may oyidan buyon ilk bor qisqardi — qariyb 2 milliard dollarga. O‘zbekiston o‘z oltinlarini pandemiya vaqtida faol sotmoqda — yanvar—avgust oylari hisobiga bo‘yicha salkam 6 milliard dollarlik oltin sotilgan, bu butun 2019-yil davomida sotilgan ko‘rsatkichlardan ko‘p. Shu sababli oltin butun eksportning 50 foizini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, oltin narxi pasayishni davom etmoqda va bir unsiyasi 1921 dollarga yetgan. Avgust oyining boshida bir unsiyasi (1 unsiya 28,35 grammga teng) oltin narxi tarixiy rekord darajada ko‘tarilib, 2000 dollardan oshgan edi. O‘shanda kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yo‘naltirish mumkinligini aytgan.
Besh yildan buyon O‘zbekistonda oltin eksporti o‘sib kelmoqda. Masalan, oltin eksporti 2015-yilda 823,9 million dollarni, 2016-yilda 738,2 million dollarni, 2017-yilda 1,6 milliard dollarni, 2018-yilda esa 3,4 milliard dollarni tashkil etgan.
Avvalroq O‘zbekiston jahon bozorida oltin narxining oshishidan foyda ko‘rgani, oltin zaxirasi mamlakatga pandemiya vaqtida “jon saqlash”ga imkon berayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)