Oktabr oyida oltin narxi unsiyasi uchun 2 ming dollardan oshadi. Bu haqda birja savdolari ma’lumotlariga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Bloomberg

4-avgust kuni Nyu-Yorkning Comex birjasidagi fyujerslar qiymati aynan shunchani tashkil etgan. Shuningdek, sentabr oyi uchun kumush narxi to‘rt foizga oshgan.

Yaponiyada esa oltin narxi 5-avgust holatiga ko‘ra mamlakatdagi chakana savdo tarixida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Qimmatbaho metall kotirovkasini belgilovchi Tokiodagi “Tanaka kikinzoku” kompaniyasi hozirda bir gramm oltinni 7608 iyenadan (72 dollar) sotmoqda. Bu 4-avgust kuni o‘rnatilgan rekord qiymatdan 152 iyenaga qimmatroq.

Kyodo nashrining yozishicha, ishonchli aktiv sifatida oltinga bo‘lgan talab moliyaviy bozordagi beqarorlik sharoitida o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, bu aksiyalar va davlat obligatsiyalarining narxlarini kutilmaganda pasayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qimmatbaho metal narxining ko‘tarilishi koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqini yuz berishiga oid xavotirlarga ham bog‘liq.

Avvalroq oltin zaxirasi O‘zbekistonga pandemiya vaqtida “jon saqlash”ga imkon berayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. May oyining boshida O‘zbekiston Markaziy banki 2020-yil uchun yangilangan prognozini e’lon qilgandi. Unda ko‘plab pessimistik prognozlar bilan bir qatorda, oltin borasida ijobiy taxminlar keltirilgan edi. Iyul oxirlarida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari hajmi ilk bor 32 milliard dollardan oshgan edi.