Navoiy viloyatiga mehmonga borayotgan buxorolik boshqaruvidagi Damas’da uxlab qolib, YTH sodir bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHXB matbuot guruhi katta inspektori Farruh Yakubov xabar berdi.

Ta’kidlashicha, 2020-yilning 15-sentabr kuni Buxoro viloyatining Romitan tumani “Qo‘rg‘on” MFYda yashovchi haydovchi R.Q. Damas avtomashinasida Navoiy viloyati M-37 avtomobil yo‘lining 167-kilometrida rulda uxlab qolgan va hamqishlog‘ining og‘ir tan jarohat olishiga sababchi bo‘lgan.

Haydovchi Damas’ida nosozligi tufayli yo‘l chetida to‘xtab turgan fuqaro S.J. boshqaruvidagi Ford Tranzit’ning orqa qismiga borib urilgan. Natijada Damas’da yo‘lovchi sifatida ketayotgan 30 yoshli M.A. og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Karmana tumani IIB tomonidan haydovchi R.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasining 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Isuzu yuk mashinasi urib yuborgan Gentra’da ikki yo‘lovchi halok bo‘lgani xabar berilgandi. Farg‘onada esa 23 yoshli yigit rulda uxlab qolib, piyodani urib yuborishi oqibatida, jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgandi.