Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, professor Habibulla Oqilov 6-iyul “O‘zbekiston 24” telekanalining “Studiya 24” dasturida qilgan chiqishida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganlar orasida 14 yoshli bola ham borligini aytib o‘tgan edi.

“Xalq ham tushunishi, vaziyatning qanchalik jiddiy ekanligini anglashi lozim. Agar bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etganlarning 13 foizi 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar bo‘lsa, ming afsuslar bo‘lsinkim, vafot etganlarning 3 foizi 20 yoshgacha bo‘lganlardir — qurbonlar orasida 14 yoshli bola bor”, — degandi professor Oqilov vaziyat jiddiyligini tushuntirarkan.

Professor Oqilov bu intervyuni hamkasbi professor Anvar Alimov bilan birga 6-iyul kuni tongda bergan va, katta ehtimol bilan, O‘zbekistondagi koronavirus epidemiyasining 5-iyuldagi yakunlariga doir rasmiy raqamlarga asoslanib fikr bildirgan. 5-iyul yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida 33 kishi vafot etgan edi.

Oqilov o‘z so‘zida vafot etganlarning 3 foizi 20 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ekani ta’kidlaydi — 33 ning 3 foizi 1 ga teng. Ya’ni, professorning so‘zlaridan anglashiladiki, 5-iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganlarning kamida bir nafari 14 yoshli bola.

O‘sha vaqtda Oqilovning ushbu bayonoti haqiqatga zidligini isbotlash imkoni bo‘lmagan — Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ham, Oqilovning o‘zi ham, boshqa rasmiylar ham “rasmiy statistika to‘liq” berilayotgani, davlat “ma’lumotlarni yashirishdan manfaatdor emas”ligini ta’kidlab kelgan bo‘lsa-da, aslida SSV dastlabki 33 ta o‘lim holatining kamida oltitasida vafot etganlarning yoshini e’lon qilmagan.

Xususan, koronavirusning O‘zbekistondagi 8, 10, 11, 12, 13 va 19-qurbonlari yoshi ko‘rsatilmagan (9 va 12-qurbonning jinsi ham noma’lum — 12-qurbonning jinsi erkakligini u yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgani ta’kidlanganidangina taxmin qilish mumkin). Shu bois, Oqilovning “14 yoshli bola ham o‘lgan” qabilidagi bayonoti yolg‘on ekanligini ko‘rsatish jamoatchilik uchun o‘sha vaqtda imkonsiz bo‘lgan.

“Daryo” internet-nashri professor Oqilovning bayonoti TV orqali berilgach, 6-iyul kuniyoq (keyinchalik yana bir necha marta), Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan koronavirusning O‘zbekistondagi qurbonlari statistikasiga doir ma’lumotlarni, xususan, barcha vafot etganlar (o‘sha vaqtda 33 nafar)ning yoshi, jinsi va vafot etgan sanasiga doir barcha ma’lumotlarni so‘ragan, biroq tegishli so‘rovga javob berilmagan.

“O‘zbekistonda koronavirus asoratlari oqibatida bolalar vafot etmadi”

Habibulla Oqilovning bayonotidagi “vafot etgan” 14 yoshli bola Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilayotgan rasmiy statistika ma’lumotlari bo‘yicha aslida vafot etmagani, “O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida 14 yoshli bola vafot etgan” degan ta’kid rasman yolg‘on ekanligi “O‘zbekiston 24”dagi intervyu efirga ketganidan ikki oy o‘tib isbotini topdi. Qanday qilib?

Iyul oyi va avgust boshidagi “koronavirus vahimasi” bosilgach, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham, ushbu vazirlik huzuridagi shtabning turfa a’zolari ham kasallanish statistikasiga doir tafsilotli raqamlarni e’lon qila boshladi. Xususan, 6-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda koronavirusdan asosan qaysi yosh toifasidagilar vafot etayotganiga doir statistikasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 6-sentabr holati bo‘yicha (qurbonlar umumiy soni 345 nafar) vafot etgan bemorlarning olti nafari (0 yoshdan) 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir. SSV matbuot xizmatining “Daryo” so‘roviga asosan aniqlik kiritishicha, bunda 30 yoshga to‘lgan bemor ham “30 yoshgacha bo‘lganlar” toifasiga kiritilgan. SSV tomonidan e’lon qilingan o‘lim holatlari orasida haqiqatan ham oltita 30 yoshgacha bo‘lgan bemor bor.

Jumladan, 9-iyulda Jizzax shahrida yashagan 28 yoshli M.O. ismli ayol, 29-iyulda Uchtepa tumanida yashagan 22 yoshli O.X. ismli ayol, 4-avgustda Sergeli tumanida yashagan 30 yoshli B.A. ismli erkak, 6-avgustda Zangiota tumanida yashagan 24 yoshli D.A. ismli ayol, 17-avgustda Yunusobod tumanida yashagan 25 yoshli M.R. ismli ayol va 22-avgustda Toshkent shahrida yashagan 29 yoshli B.L. ismli erkak vafot etgani ma’lum qilingan.

SSV matbuot xizmatining 6-sentabrdagi axborotidan avvalroq, 28-avgust kuni vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi Barno Abdusamatova O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan “bolalar orasida koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va o‘lim holati bo‘lmagan”ini ta’kidlab, professor Habibulla Oqilovning “14 yoshli bola o‘lgani” haqidagi bayonotini rad etdi.

Abdusamatova xonim “Daryo” muxbiri bilan suhbatda professor Oqilov 6-iyuldagi chiqishida texnik xato bo‘lgani, “u yerda 14 yoshli bola emas, 44 yoshli fuqaro bo‘lgani”ni aytib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ham professor Oqilov o‘shanda adashgani, vafot etganlar orasida 14 yoshli bola bo‘lmaganini aytib o‘tdi. Lekin nega bu bayonot o‘tgan ikki oy davomida aniq-tiniq rad etilmaganiga aniqlik kiritilmadi.

Xulosa o‘rnida

Muammo professor Habibulla Oqilov yoki u aytgan “14 yoshlining o‘limi” aslida bo‘lmaganida emas (avvalo, hamma sog‘-salomat bo‘lsin!). Muammo — zarur axborotning o‘z vaqtida va lozim darajada berilmasligida, muammo — O‘zbekistonning bosh yangiliklar telekanali efirida berilgan noto‘g‘ri bayonot ikki oy davomida “haqiqat” maqomida osilib turishida, muammo — “feyk-xabar tarqatgan bloger/fuqaroga qarshi kurash”ga shay davlat tashkilotlari bu yolg‘onni ko‘rmasligida.