Bookmate xizmati “11-sentabr voqealari. Eng dahshatli terroristik hujum qurbonlari — A’dan Z’gacha” nomli kitobni chop etdi. Kitob 2001-yil 11-sentabrdagi Nyu-Yorkda yuz bergan terakt paytida o‘lganlarning nekrologlaridan iborat. Bu matnlar birinchi marta 2001-yilda The New York Times gazetasida chop etilgan. Har bir marhum haqida 2,5 mingdan ortiq yozuv — ingliz alifbosidagi har bir harf uchun o‘nlab, ba’zan esa yuzlab. Meduza mazkur nekrologlarning beshta bobini e’lon qildi.

Foto: AFP

2001-yil 11-sentabr kuni erta tongda ikkita samolyot Nyu Yorkdagi Jahon savdo markazining shimoliy va janubiy minoralariga urildi. Birozdan keyin yana bir samolyot Pentagon binosiga, yana biri Pensilvaniya shtatidagi dalalarga quladi. Usama bin Laden boshchiligidagi “Al-Qoida” terrorchilik guruhi tomonidan uyushtirilgan terakt natijasida 3000 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Uch kundan so‘ng, shaharning asosiy gazetasi The New York Times qurbonlar haqidagi qisqa yozuvlarni chop etishni boshladi. Ushbu matnlarning bir nechtasi 2001-yil 31-dekabrgacha har kuni nashr etilgan. Keyinchalik yana bir necha yuztasi chop qilingan.

O‘t o‘chiruvchilar va vositachilar, shifokorlar va muhandislar, hisobchilar va styuardessalar, chet elliklar va sayyohlar, yosh-u qari, bolalar va ota-onalar. Ularning soni jami 2278 kishini tashkil etdi va bu zamonaviy jurnalistika tarixidagi eng ambitsiyali, qo‘rqinchli va ta’sirchan loyihalardan biri hisoblanadi. 97 ta nekrolog D harfi, 129 tasi L harfi bilan, 8 tasi Q harfi, 235 tasi M harfi bilan boshlangan.

A

Jeyms Amato

Suyagigacha o‘t o‘chiruvchi bo‘lgan shaxs

Bruklin birinchi bo‘limida xizmat qilgan kapitan Jeyms Amato yong‘inlarni o‘chirishni yaxshi ko‘rardi.

Yong‘in stansiyasida jim o‘tirish uning ishi emas edi — qayerda va nima bo‘layotgan bo‘lsa ham, u doimo voqealar markazida bo‘lishni xohlar edi. Bir necha yil davomida shaharning eng gavjum o‘t o‘chirish guruhlaridan birida ishlaganidan so‘ng u birinchilardan bo‘lib yordamga kelish uchun elita qutqaruv bo‘limiga kirdi.

“U nimalardir o‘ziga bog‘liqligini, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkinligini juda yaxshi ko‘rardi. U topshiriq bo‘yicha hamma bilan birga shoshilishni yaxshi ko‘rardi. U suyagigacha o‘t o‘chiruvchi edi”, — deydi uning akasi, Kuper Siti shahridan bo‘lgan o‘t o‘chiruvchi Li Amato.

Aka-ukalar ta’tillarini birga, ba’zan Florida shahrida, ba’zan chang‘i qiyaligida o‘tkazardi. Li Amatoning aytishicha, ukasi uning dunyodagi eng yaxshi do‘sti bo‘lgan.

Long-Aylenddagi Ronkonkoma hududida yashagan va kollejda kurash bilan shug‘ullangan to‘rt farzandning otasi kapitan Amato o‘lim xavfiga bir necha bor duch kelgan. Bolaligida u meningitdan vafot etishiga bir baxya qolgan. 11-sentabrdan biroz oldin, yong‘inni o‘chirish paytida, u shlang o‘rnatilishini kutib turgan odamlariga zudlik bilan yonayotgan binoni tark etishni buyurgan. Ular binodan chiqqanidan bir necha soniya o‘tgach portlash yuz bergan.

A harfi uchun jami 92 ta nekrolog nashr qilingan.

L

Jon Lennon

Ideal moslik

Agar sizning ismingiz Jon Lennon bo‘lsa, taxallus olishingiz kerak bo‘ladi. Jon Lennonning otasi, shuningdek, Jon ham Jek edi. Jon Lennonning o‘zi esa Jey bo‘lishga qaror qilgan. Uning o‘g‘li Jon uchinchi esa Jon bo‘lib qolmoqda, onasi Patrisiya esa uni bir necha bor ogohlantirgan: “Men unga aytaman — nima qilayotganing haqida o‘ylab ko‘r”.

Boshqa bolalar — Melissa, Kati va Kristofer bilan bunday muammolar yo‘q.

44 yoshli Lennon port ma’muriyati politsiyasi xodimi bo‘lib, Jersi-Siti shahrida sud ijrochisi bo‘lib ishlagan va mahbuslarni tashigan. U oilasi bilan Nyu-Jersi shtatining Xauell shaharchasida yashagan.

Patrisiya va Jon 15 yoshida uchrashgan, ular Bruklinning qo‘shni hududlarida yashagan. Jon o‘g‘il bolalar maktabiga bordi, Patrisiya qizlar maktabiga bordi. Ularning do‘sti tanishuvga sabab bo‘ldi. U jim edi. U muloyim. Ideal moslik. Tez orada ular er-xotin bo‘ldi. “Bu birinchi qarashdagi sevgi edi. Menda hech qachon boshqalarga qarash istagi bo‘lmagan va u ham bunday qilmagan. Biz har kuni bir-birimizni ko‘rardik”, — deydi Lennon xonim. Ular 23 yoshida turmush qurgan.

“Biz uchrashganimizdan bir necha yil o‘tgach u 16 yoshida men u uylanadigan qiz ekanligimni bilganini aytgan. Buni eshitib, uni aqldan ozgan, deb o‘yladim. Ammo u bilar edi. U bilar edi”, — deydi Lennon xonim.

L harfi ostida jami 129 ta nekrolog nashr qilingan.

P

Vanda Prins

Qahva shifo

Vanda Prins qahva oldida ojiz edi. U har doim eri Edvarddan g‘azablansa — eri hammom polida iflos kiyimlarni, rakovinada yuvilmagan idishlarni qoldirganda — eri achchiq qahva bilan uning kayfiyatini yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan. “U shunchaki qahvani yaxshi ko‘rardi”, — deydi Edvard Prins.

Vanda chiroyli edi. Vanda “Mets”ga, Edvard “Yankilar”ga muxlislik qilardi. Vanda mushugi Lakini yaxshi ko‘rardi. Mushuk Edvardning faqat asabiga tegardi.

Ular Giants stadioni tashqarisidagi piknikda tasodifan uchrashishgan. O‘sha paytda ikkalasining ham sevgilisi bo‘lgan. Avvalgi munosabatlar buzilgach ular ikkinchi uchrashuvda bir-birlarini sevib qolgan.

30 yoshli Vanda Prins butun kun davomida Jahon savdo markazining janubiy minorasining 94-qavatida joylashgan Fiduciary Trust kompaniyasida treyder bo‘lib ishlagan. Odatda u ish joyiga ertalab soat 07:30 gacha yetib kelgan va kechki soat 19:30da Staten-Aylendga, uyiga qaytib kelgan. Uyda o‘t o‘chiruvchi eri Edvard uni kechki ovqat va bir chashka qahva bilan kutib turardi.

P harfi uchun jami 111 ta nekrolog nashr qilingan.

T

Janetta Tsoy

Ishdagi birinchi kun

11-sentabr kuni ertalab soat 09:00 da Janetta Tsoy hayotidagi yangi sahifa boshlanishi kerak edi. Bu uning yangi mamlakatda yangi ish boshlashining birinchi kuni edi. U va turmush o‘rto‘g‘i Nyu York shafag‘i kabi katta va yorqin ajoyib kelajak ularni kutayotganiga ishonishardi. 32 yoshli Janetta Tsoy Qozog‘istondan endigina kelgan edi, uning dunyodagi eng baland binolardan birida joylashgan Marsh&McLennan kompaniyasida buxgalter sifatida yollanganiga ishonishi   qiyin edi. Uni quvonchli hayajon qamrab olgandi va u 23-avgustda Amerikaga kelganidan ko‘p o‘tmay eri va to‘rt yoshli qizini Jahon savdo markaziga ekskursiyaga olib borgan.

Uning eri Vyacheslav Ligay o‘sha kuni ertalab Janet juda shoshilganini eslaydi. “U yangi ishga kechikishdan juda qo‘rqardi. U hamma narsani yaxshi boshlashni juda xohlardi”, — deydi u.

Egizak minoralar qulab tushganidan ancha kun o‘tgach, u qizi Aleksandraga nima bo‘lganini tushuntirish uchun so‘z topishga harakat qildi. U Jahon savdo markaziga qilingan ekskursiya fotosuratlarni qidirdi, lekin ular ham g‘oyib bo‘lgandi. Qarindoshlari uni va Aleksandrani Qozog‘istonga qaytish uchun chaqirishdi. Ammo u qayta olmaydi. “Tirikmi yoki o‘likmi, xotinim shu yerda. Biz bu yerda ekanmiz, u biz bilan”, — deydi Vyacheslav.

T harfi uchun jami 77 ta nekrolog nashr qilingan.

Z

Chje Szen (Zhe Zeng)

“Mutlaqo fidoyi odam”

Chje Szen xavfsizlikda edi. Birinchi samolyot shimoliy minoraga urilganida u Bruklin ko‘prigi yaqinidagi metrodan chiqib ketayotgan edi va Barkli ko‘chasida, Jahon savdo markazining vayronalaridan bir necha mavze narida turishi mumkin edi. U Nyu-York bankining Amerika qimmatli qog‘ozlar bo‘limida loyiha menejeri bo‘lib ishlagan.

Ammo hamma Zak deb ataydigan 29 yoshli Chje Szen birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha sertifikatlangan mutaxassis edi. Uskunalar uchun ofisga yugurib kirib, u chang va kul bosgan ko‘chalar tubiga tashlandi. 11-sentabr voqealari haqidagi xabarlarda uni ishbilarmonlik kostyumida xarobalar orasida ishlayotganini ko‘rish mumkin. O‘shandan beri u haqida hech qanday xabar yo‘q.

“Uni taniganlarning barchasi umuman ajablanmagan. U mutlaqo fidoyi odam edi — har qanday vaqtda u yordam berishga tayyor edi. Menimcha, bu haqiqiy qahramonlik”. — deydi uning boshlig‘i Peggi Farrel.

Z harfi uchun jami 20 ta nekrolog nashr etilgan.

Avvalroq The New York Times AQShdagi COVID-19 qurbonlariga bag‘ishlab gazetaning bosh sahifasida ularning ismini chop etgandi.