Rossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya qonunchiligini isloh qilish konsepsiyasini va “Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Kommersant”. Unga ko‘ra, Rossiyadagi barcha migrantlardan barmoq izlarini olish rejalashtirilmoqda.
Xabarda aytilishicha, Rossiyadagi chet el fuqarolarining huquqiy maqomi to‘g‘risida butunlay yangi federal qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda, unda ko‘plab o‘zgarishlar kiritilgan. Rossiya hududida bo‘lish tartibiga o‘zgartirish kiritish, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, Rossiyada 30 sutkadan ortiq vaqt davomida bo‘ladigan migrantlarga barmoq izlarini topshirish, suratga tushish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va ID-kartalar olish majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiyaga kirib kelganlarning barchasidan barmoq izlarini olish g‘oyasi bir necha yillardan buyon muhokama qilib kelinmoqda. Biroq kirib kelganlarning barchasidan barmoq izlarini bevosita chegaradayoq olish uchun barcha postlarda tegishli uskunalarni o‘rnatishni talab qilgan avvalgi g‘oyadan farqli ravishda Rossiya IIV migrantlarga mamlakatga kelishi bilanoq mustaqil ravishda barmoq izlarini topshirish majburiyatini yuklashni taklif etmoqda.
Izoh (0)