Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi “Oydin yo‘l” mahallasida yashovchi fuqaro Norgul Bekkamova mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilib, tuman hokimligi unga yordam bermayotganini, ahvoli og‘irligini ma’lum qilgan. Bu haqda xabar qilgan tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, fuqaro hokimdan 35 million so‘m qarzini to‘lab berishni talab qilgan.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi

Ta’kidlanishicha, fuqaro murojaatini 6-sentabr kuni tuman hokimi Zoir Aliqulovning shaxsan o‘zi o‘rgangan.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro tanishlari hamda qo‘ni-qo‘shnilaridan 35 million so‘m qarz olib, ehtiyoji uchun sarflab yuborgan. Hokim Zoir Aliqulov bilan muloqoti davomida fuqaro qarz olgan odamlari uni tinch qo‘ymayotganini, pulini so‘rab kelayotgani bois, uyini sotishga majburligini aytib, 35 million so‘m qarzini hokimlik to‘lab berishini talab qilgan.

“Tuman hokimi Zoir Aliqulov fuqaroga yashab turgan uyini sotsa, o‘zi uysiz qolishini aytib, hokimlik tomonidan ta’mirlab berilgan uyni sotishga taqiq qo‘yishini ma’lum qildi”, — deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Bunga javoban esa fuqaro hokimga uning uyini sotish ishiga aralashmasligini, uyini sotish-sotmaslik o‘zining xohishi ekanligini aytib, 35 million qarzi to‘lab berilishini talab qilgan.

Tuman hokimligining eslatishicha, fuqaroning avvalgi murojaatlariga javoban hokimlik tomonidan ko‘p marotaba yordam berilgan. Jumladan uyining ta’miri va farzandlarining xatna to‘yi uchun plastik kartochkasiga mablag‘ o‘tkazib berilgan. Turmush o‘rtog‘i bilan yashasa-da, doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, ehtiyojmand oilalar uchun mo‘ljallangan 1 million so‘mlik va 14 yoshga to‘lmagan har bir farzandi uchun 220 ming so‘mlik yordam pullari ham berilgan.

Dehqonobod tuman hokimligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylangan ushbu munosabat tarmoq foydalanuvchilari orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Skrinshot

G‘ayrat Baratov ismli Facebook foydalanuvchisi “Televizorga chiqib olib, mana Andijonda falonchiga uy berdik, falonchiga bepul mashina sovg‘a qildik deya reklama qilavergach, mana shunaqa boqimandalar ko‘payib ketdi” deya ayolning harakatini qoralasa, Shokir Hasanov ismli foydalanuvchi “Nima bo‘lganda ham ayol o‘zi va bolalarining haqqini so‘rayapti, siz va bizning haqqimizni yoki bo‘lmasam hokimning yeb turgan nonini so‘ramagandir. Shu ayol ham O‘zbekiston fuqarosidir. Ne-ne korrupsiyachilar yesa mayli-yu, bir kambag‘al pul so‘rasa, shuncha talayapsizlarmi? Sizlar ham so‘rang. Bekorga ham o‘g‘ri kazzoblar yeb yotibdi deb yurtboshining o‘zi aytib turibdi-yu”, deya ayolning yonini oladi.

Dehqonobod hokimligining mazkur xabari hali-hamon muhokamalar markazida bo‘lib turibdi.