Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi “Oqtosh” MFY Quvvat qishlog‘i aholisi 80 o‘rinli maktab filiali qurilishi lozim bo‘lgan yer uchun tortishib, bir necha tashkilotlarga murojaat qilgan. Mojaro tuman hokimi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i aralashuvi bilan hal etilgan. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi

Muammoga yechim topish maqsadida viloyat hokimi Zoir Mirzayev topshirig‘i bilan voqea joyiga yetib borgan tuman hokimi Zoir Aliqulov va viloyat xalq ta’limi boshlig‘i Abdug‘ani Himmatov qishloq oqsoqollari bilan suhbatlashgan.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi

Ma’lum bo‘lishicha, qishloq aholisi ko‘payishi oqibatida hududdagi 82-maktab uchun filial qurilishiga ehtiyoj sezilgan. Filial binosi uchun mablag‘ ham ajratilgan. Biroq qishloq aholisi filial qurilishi lozim bo‘lgan joy xususida tortishib, ikkiga ajralib qolgan. Bir tomon “filial bizga yaqin qurilsin” desa, yana bir tomon “filial bizning hududda qurilsin” degan. Va o‘rtada mojaro kelib chiqqan.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi

Dehqonobod hokimi Zoir Aliqulov va viloyat XTB boshlig‘i Abdug‘ani Himmatov voqeani obdon o‘rganib, har ikki tomon uchun ham ma’qul hududni tanlagan. Va mazkur masala sabab tortishib qolgan qishloq kayvonilari yarashtirilgan.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi

“Muhimi, maktab filiali har ikki tomon uchun ham qulay joyda quriladigan bo‘ldi. Qurilish ishlari tez orada boshlanishi ta’kidlandi”, — deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.