“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.
Ikkinchi jahon urushi tugashining sabablari
“History.com” axborot sayti Ikkinchi jahon urushi tamomlanishining besh sababi haqida tahlil qilishga undaydigan maqola chop etdi. Urush yakunlanishining sabablaridan biri sifatida AQSh hukumatining Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashlanishi sifatida ko‘radi. Maqola muallifi fikricha, Ikkinchi jahon urushining yakunlanishiga ittifoqchilar qo‘shinlarining harakati ham ta’sir qilgan va urush yakunlangani 1945-yilning 2-sentabr sanasida AQSh harbiy kemasi bortida e’lon qilingan.1939-yilning 1-sentabrida Germaniyaning Polshaga hujumi bilan XX asrning eng yirik mojarosini keltirib chiqargan urush olti yildan so‘ng yakunlangan. 1945-yilning 2-sentabrida urush yakunlangan bo‘lsa-da, mazkur urushda allaqachon yer sayyorasining taxminan uch foizi – 60-80 million odamning yostig‘ini quritishga ulgurgan edi. Urushda halok bo‘lganlarning aksari tinch aholi bo‘lib, shulardan olti millioni yahudiy millati vakillari sanaladi. Xolokost esa Ikkinchi jahon urushining eng mash’um voqeasi sifatida tarixda qoldi.
“Blitskrig” harbiy strategiyasidan foydalangan Germaniya urushning dastlabki oylarida Niderlandiya, Belgiya va Fransiyani bosib oladi va 300 mingdan ortiq ingliz va boshqa ittifoqchilar qo‘shinlarini Dyunkerk orqali Yevropani tark etishga majbur qiladi. 1941-yilning iyun oyida diktator Adolf Gitler boshchiligidagi nemis qo‘shinlari Sovet Ittifoqi bilan imzolangan hujum qilmaslik haqidagi kelishuvni buzib, “Barbarossa” harbiy amaliyotini boshlaydi va natsistlar qo‘shini Moskva ostonasiga yaqinlashib qoladi.
Yaponlarning Perl Xarborga hujumi natijasida AQSh urushga kirganda nemis qo‘shinlari Qora dengizdan to La-Mansh bo‘g‘ozigacha bo‘lgan Yevropa qit’asining salmoqli qismini bosib oladi. Biroq ittifoqchilar qo‘shini urushni o‘z foydalariga hal qildi. Quyidagi tarixiy voqealar esa urush yakunlanishining eng muhim hal qiluvchi sababi bo‘ldi.
1. Germaniyaning ikki frontda jang olib borishi
Uch yil mobaynida tezkor urush olib borgan nemis qo‘shinlari holdan toygan edi. 1942-yilning avgust oyidan to 1943-yilning fevral oyiga qadar davom etgan Stalingrad jangida Qizil armiya qo‘shinlari nemis qo‘shinlariga qaqshatqich zarba beradi. Diktator Iosif Stalin sharafiga qo‘yilgan Stalingrad shahrini himoya qilishda ikki millionga yaqin rus askarlari halok bo‘ladi.
Sovet qo‘shinlari sharqiy frontda harakat qilayotgan paytda ittifoqchilar qo‘shinlari Sitsiliya va Italiyaning janubini ishg‘ol qiladi. Natijada 1943-yilning iyul oyida Italiyada diktator Benito Mussolinining hokimiyati qulaydi. Mazkur voqeadan so‘ng g‘arbiy frontda ittifoqchilar qo‘shinlari 1944-yilning 6-iyun sanasida Fransiyaning Normansiya viloyatiga harbiy desant tushiradi. Fransiya shimolida mustahkamlanib olgan ittifoqchilar qo‘shini 25-avgust sanasida Parijni, oradan ikki hafta o‘tib Bryusselni natsistlardan ozod qiladi.
2. Arden jangi
Sovet qo‘shinlari Polsha, Chexoslovakiya, Vengriya va Ruminiyaga kirib borganida g‘arbdagi ittifoqchilar qo‘shinlari sharqa tomon siljib boradi va Germaniya ikki o‘t orasida qoladi. Gitler ikki frontda urush olib borishga majbur bo‘ladi, biroq zaxiralar ham tugab borayotgandi. Nemis qo‘shinlari orasida sarosima uyg‘ongandi. Gitler mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish umidida bor harbiy kuchini g‘arbiy frontga yo‘naltiradi. 1944-yilning 16-dekabr sanasida natsistlar qo‘shini Belgiya va Lyuksemburg chegarasidagi Ardenning tog‘li o‘rmon hududida 130 kilometrga cho‘zilgan kutilmagan jangga kiradi.
Harbiy amaliyot natijasida nemislar g‘arbga tomon yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lsa-da, ittifoqchilar qo‘shinlari noqulay ob-havo sharoitlariga qaramasdan o‘z mudofaalarini bir yarim oy mobaynida ushlab turishga erishadi. Ikkinchi jahon urushining Arden jangi AQSh harbiylarining eng qonli jangi bo‘ladi, sababi mazkur jangda 20 ming amerikalik harbiylar qurbon bo‘ldi. Sharqiy frontda esa Sovet Ittifoqi qo‘shinlari bahorga kelib Odra daryosi bo‘yiga yetib keldi va Berlinga kirish uchun salkam 80 kilometr masofa qoldi.
3. Germaniyaning taslim bo‘lishi
Drezden va ko‘plab boshqa nemis shaharlari havo hujumiga uchraydi. O‘n minglab tinch aholi halok bo‘ldi. Ittifoqchilar qo‘shinlari Reyn daryosidan kechib o‘tib, Bergen-Belzen va Daxaudagi nemis konsentratsiya lagerlarining dahshatli manzarasini guvohi bo‘lishadi. Ikki frontda ham mag‘lub bo‘lganini tushungan Gitler 1945-yilning 30-aprel sanasida Reyxskanselyariya binosining yerto‘lasidagi bunkerda o‘z joniga qasd qildi.
Gitlerning o‘rinbosari sifatida tayinlangan admiral Karl Dyonits tinchlik sulhi muzokaralarini boshlaydi va 7-may sanasida general Alfred Yodlga barcha nemis qo‘shinlarining so‘zsiz taslim bo‘lishi haqidagi qarorni imzolash topshirig‘ini berdi. Biroq Stalin nemis tarafining taslim bo‘lish haqidagi Fransiyaning Reyms shahrida imzolangan kelishuvini tan olishdan bosh tortdi va nemislarni 8-may sanasida ishg‘ol qilingan Berlinda boshqa shartnoma imzolashga majbur qildi.
4. Xirosima va Nagasakiga atom bombasining tashlanishi
Yevropada ittifoqchilar qo‘shinlari g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, Tinch ummoni hududlarida urush harakatlari davom etardi. 1942-yilning iyun oyidagi Miduey jangi Tinch ummonidagi urush harakatlarida burilish yasagan va amerikaliklar Yaponiya sarhadlari tomon siljib borayotgandi. Ivodzima va Okinavadagi harbiy amaliyotlar urushning eng qonli voqealaridan biri bo‘ldi. Amerikalik harbiylar esa agarda urushni Yaponiya hududida olib boradigan bo‘lsa, bir million amerikalik halok bo‘lishi mumkinligini anglagan edi.
1945-yilning 16-iyul sanasida AQShning Nyu-Meksika shtati Alomogordo shahrida ilk atom bombasining sinovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan bir necha hafta o‘tib, prezident Garri Trumen Yaponiyaga qarshi jangda atom bombasidan foydalanishga ruxsat berdi. 1945-yilning 6-avgust sanasida AQShning B-29 Enola Gay qiruvchi uchog‘i Yaponiyaning sanoat shahri Xirosimaga atom bombasini tashlaydi. Natijada 80 mingga yaqin yapon halok bo‘ldi, o‘n minglab yaponlar esa radiatsiyaviy nurlanishdan hayotdan ko‘z yumadi. Biroq Yaponiya Xirosima vayron bo‘lsa-da, taslim bo‘lmaydi. AQSh oradan uch kun o‘tib, Nagasakiga yanada kattaroq bo‘lgan ikkinchi atom bombasini tashlaydi.
5. Sovet Ittifoqining Yaponiyaga urush e’lon qilishi va Yaponiyaning taslim bo‘lishi
Xirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlanganidan keyin Yaponiya o‘ta murakkab vaziyatda qolgandi. 8-avgust sanasida esa Sovet Ittifoqi Yaponiyaga qarshi urush ochganini e’lon qildi va yaponlar bosib olgan Xitoyning Manchjuriya viloyatiga bostirib kirdi. Oliy harbiy kengash bir qarorga kelmagani bois yapon imperatori Xiroxito Yaponiya taslim bo‘lishi kerakligiga qaror qildi. 15-avgust sanasida imperator radio orqali Yaponiya taslim bo‘lganini e’lon qildi.
1945-yilning 2-sentabr sanasida AQShga qarashli “Missuri” harbiy kemasida general Duglas Makartur Yaponiyaning so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi kelishuvni imzolaydi va Ikkinchi jahon urushi tamom bo‘ladi. Shu tariqa 2 194 kun davom etgan urush yakunlanadi va general Makarturning “Bugun zambaraklar jim. Buyuk fojia nihoyasiga yetdi. Buyuk g‘alaba qo‘lga kiritildi” degan so‘zlari tarixdan joy oladi.
AQSh va Xitoy munosabatlari qanday o‘zandan ketadi?
The Project Syndicate nashri AQSh va Xitoy munosabatlari qay usulda rivojlanishi haqida maqola tayyorladi. Maqolada ikki mamlakatning yaqin kelajakdagi aloqalari yaqin davr ichida bu mamlakatlarda hokimiyat tepasiga kim kelishiga ko‘p ham bog‘liq ekani haqida so‘z yuritadi.AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar hozirga davrda nafaqat faqat ikki mamlakatning diplomatik munosabatlariga, balki butun insoniyat taqdiriga hal qiluvchi bo‘lib ta’sir qiladi. Aynan shu sababdan ham kelajakda bu ikki mamlakatni kim boshqarishi muhim.
Yana ikki oydan so‘ng AQShdagi prezidentlik saylovlari kim prezidentlik saylovida saylanishini aniqlab beradi. 2021-yilning 20-yanvarida esa yo amaldagi respublikachi prezident Donald Tramp yoki demokratik partiya nomzodi Jo Bayden prezidentlik qasamyodini beradi. Xitoyda esa janob Si Szinpin hokimiyatni so‘nggi nafasigacha egallab turishi ehtimoli ko‘proq. Biroq Xitoydan davlat rahbarining o‘zgarmasligi borasida qat’iy fikr bildirib bo‘lmaydi, shu sababdan ham Xitoy-AQSH munosabatlari rivojlanishini ehtimoliy to‘rt yo‘nalishiga to‘xtalish muhim.
Birinchi, taxmin. Bayden prezident bo‘ladi, Si Szinpin Xitoy rahbari sifatida qoladi, deb faraz qilaylik. Bayden The Foreign Affairs nashriga bergan intervyusida AQShning tashqi siyosatda yetakchiligi mavqeyi tiklanishi asosiy maqsad ekani haqida gapirgandi. Bayden, shuningdek, infratuzilmalarga, ta’limga, ilmiy tadqiqotlarga mablag‘ ajratilishi borasida ma’lum qilmoqda. Demak, Baydenning Xitoyga nisbatan siyosati ancha muvozanatlashgan, dramalarsiz olib borilishi haqida tasavvur uyg‘otadi.
Shunday bo‘lsa-da, Xitoyning sanoat va tashqi siyosat borasidagi qarshi harakatlarini ham nazardan qochirmaslik lozim. Amerikaning dunyodagi liberal tartibni tiklashi, xitoylik rahbariyat o‘zining tashqi siyosatda yetakchilikdek yuhoviy maqsadlarini cheklashiga to‘g‘ri keladi. Agarda Bayden o‘z maqsadlariga erishsa, AQSh o‘zini xavfsiz his qilishi va Xitoyning iqtisodiy yuksalishiga bugungidek munosabatda bo‘lmasligi mumkin.
Ikkinchi taxmin. Tramp prezidentlik saylovida g‘alabaga erishadigan bo‘lsa, AQSh-Xitoy munosabatlari keskin oqibatlarga olib kelishini kutish mumkin. 2016-yilgi saylovlarda Trampning g‘alabasi tasodif sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, bu safargi g‘alabasi Trampning demagogiyasi va ksenofobiyasi AQSh jamiyatida qaror topganidan darak beradi. Ikkiga ajralgan jamiyat esa Xitoyga qarshi turishda mag‘lub bo‘ladi va AQShning jahon yetakchisi borasidagi mavqeyi yana to‘rt yilni boy beradi. Ehtimol, AQSh jahon yetakchisi maqomidan abadiy mahrum bo‘lishi mumkin.
Ba’zi optimistlar Trampning ikkinchi muddatga saylanishi Xitoy bilan munosabatlarda siyosiy o‘zgarishlarga umid qilayotgani ham ma’lum. Biroq so‘nggi to‘rt yil Tramp faqat o‘z saylovchilarining quloqlariga ta’sir qiladigan hissiy ritorikadan boshqa amaliy ish qilmaganligini ko‘rsatdi. AQSh-Xitoy munosabatlariga oqilona va amaliy jihatdan foyda beradigan siyosat yo‘li tutilmadi. Ikkinchi muddatga qolgan Tramp hukumati Xitoyni tanqid qilishni keskin nuqtasiga olib borib qo‘yadi.
Bunday siyosat Xitoy uchun dahshatli bo‘lsa-da, Tramp o‘zi anglamagan holatda janob Si uchun yaxshigina sovg‘a tayyorlab berishidan dalolat. AQSh Xitoyni qancha ko‘p qoralasa, xitoyliklar shu darajada ko‘proq janob Sining siyosatini ma’qullay boshlaydi. Xitoy Kompartiyasi a’zolari Si siyosatini tanqid qiladigan bo‘lsa, ularning ovozini o‘chirish uchun xorijning gumashtasi degan tavqi la’nat tamg‘asi bosiladi. Si osongina siyosiy muxoliflaridan qutulib oladi.
Koronavirus pandemiyasi davri Xitoy koronavirusni kamroq qurbonlar bilan jilovlay olgani AQShdagi koronavirus bilan vaziyatga solishtirganda janob Si g‘alaba qilganidan darak. Janob Si hukumatni boshqarish borasidagi cheklovlardan xalos bo‘lgani esa u mamlakatni umrbod boshqarishi uchun to‘siq olib tashlanganini bildiradi.
Shunga qaramasdan, Tramp pandemiyaga qarshi kurashda o‘zini qanchalik ishonchsiz tutayotgan bo‘lsa, Si ham mag‘lub bo‘lmasligi borasida xavotirga tushgan. Sababi Xitoy kompartiyasining ayrim a’zolari janob Sining siyosatini tanqid qilib chiqmoqda. Sababi, tanqidchilar nazarida janob Si Xitoy dushmanlari sonini ham xalqaro siyosatda, ham ichki siyosatda ko‘payishiga yo‘l qo‘ydi-yu, xato qildi.
XX asrning oxirlarida Den Syaopin Xitoyning islohotlar va ochiqlik siyosati uchun, siyosiy hokimiyatning almashinishi uchun ko‘p mehnat sarf qildi. Si esa Den Syaopin siyosatidan chekinmoqda. Shunday ekan 2022-yilda janob Si oldida umrbod Xitoy rahbari sifatida qolish yoki Kompartiyaning talabi bilan hokimiyatda ketish yoki to‘ntarish natijasida hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolishdek voqealar rivoji mavjud. Xitoydagi siyosiy vaziyat esa AQShdagidan ancha barqaror ham.
Agarda Xitoyda rahbariyat o‘zgaradigan bo‘lsa, yangi rahbar yo Bayden, yo Tramp bilan muzokaralar olib borishiga to‘g‘ri keladi. Bayden prezident bo‘lsa, Xitoy bilan professional diplomatiya ishga solinadi. Tramp prezident bo‘lsa, Xitoyga qarshi qanday siyosat tutadi, bilib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, AQSh-Xitoy munosabatlariga nazar solishda paydo bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan har qanday siyosiy manzarani nazardan qochirmaslik muhim.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)