Amnesty International tomonidan o‘tkazilgan yangi tahlillar dunyoda tibbiyot xodimlarining kamida 7000 nafari COVID-19’dan vafot etganini ko‘rsatdi. Birgina Meksikaning o‘zida kamida 1320 nafar sog‘liqni saqlash xodimi vafot etgani tasdiqlangan. Bu hozirgi kungacha barcha mamlakatlar orasida ma’lum bo‘lgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Shuningdek, butun pandemiya davomida koronavirusga chalinish va undan vafot etish darajasi yuqoriligicha qolayotgan AQSh (1077) va Braziliya (634) sog‘liqni saqlash xodimlari orasida ham o‘lim holati ko‘pligi qayd etilgan. So‘nggi oylarda infeksiyaga chalinish darajasi keskin ko‘tarilgan Janubiy Afrika (240) va Hindistondan (573) olingan ma’lumotlar ham xavotir uyg‘otmoqda.
“O‘zgalar hayotini saqlab qolishga uringan yetti mingdan ortiq odamning o‘limi — bu katta miqyosdagi yo‘qotish. Har bir tibbiyot xodimi ish joyida xavfsizlik huquqiga ega”, — degan Amnesty International’ning iqtisodiy va ijtimoiy adolat rahbari Stiv Kokbern.
Uning ta’kidlashicha, “Barcha tibbiyot xodimlari o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ymasdan o‘z ishlarini davom ettirishlari uchun tegishli himoya vositalari va jihozlar bilan ta’minlash imkoniyatini beruvchi global hamkorlik zarur”.
Ma’lumot uchun, Amnesty International — Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro harakat. Dunyoning turli davlatlaridan unga a’zo bo‘lgan 8 million kishi 1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan barcha inson huquqlarini himoya qilish uchun kurashadi.
Izoh (0)