Ayni paytda AOKAda paxta mavsumiga tayyorgarlikka bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov bu yilgi mavsumda terilgan bir kilogramm paxta uchun qancha to‘lanishini ma’lum qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
“Terim jarayoniga asosan ‘temir daftar’dagi oilalar, vaqtincha ishsiz fuqarolar, yoshlar, xotin-qizlar jalb qilinadi. Xohlashsa, keksalar ham qatnashishi mumkin. ‘Terim.uz’ sayti ishga tushiriladi. Paxta terish istagidagi fuqarolarning barchasi mazkur saytga kirib, o‘zi haqida ma’lumot qoldirishi va fikrlarini bildirishi mumkin.
Terimchi bilan shartnoma tuziladi. Shartnoma imzolanishdan oldin fuqaro qancha muddat terimda qatnashishini o‘zi belgilaydi. Xohlasa, bir oy yoki o‘n kun.
2020-yilgi mavsumda terilgan bir kilogramm paxta narxi birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda esa 1400 so‘m etib belgilandi”, — dedi Umrzoqov.
Izoh (0)