AQShning Nevada shtati, Rino shahrida yashovchi 25 yoshli shaxs mamlakatda koronavirusga qayta chalingan birinchi bemor bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters Nevada olimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy maqolaga tayanib.
18-aprelda ismi oshkor etilmagan ushbu fuqaroda birinchi marta koronavirus qayd etilgan. 27-aprelga kelib unda virus simptomlari yo‘qolgan. Koronavirusni aniqlash uchun ikki marta — 9 va 25-may kunlari o‘kazilgan test natijalari unda virus yo‘qligini ko‘rsatgan. Lekin 28-may kuni u yana COVID-19’ga chalingan va bu safar kasallik og‘irroq kechgan. Virus genomini sekvenirlash ikkinchi kasallanish birinchisidan farq qilishini ko‘rsatgan.
Tadqiqot mualliflarining fikricha, koronavirus bilan qayta kasallanish holati kam uchraydi. Nevadalik fuqaroning qayta kasallanishi mamlakatda qayd etilgan qariyb olti million nafar COVID-19 bemorlari orasida birinchi holat bo‘ldi.
Bu koronavirusga qayta chalinish tasdiqlangan dunyo bo‘yicha to‘rtinchi holat. Dastlabki holat Gonkong olimlari tomonidan qayd etilgandi. Yana ikkitasi Niderlandiya va Belgiya olimlari aniqlagan.
Izoh (0)