Belarusda mamlakat tarixi uchun noyob holat bo‘lgan ommaviy norozilik namoyishlari deyarli bir haftadan beri davom etmoqda. Namoyishlarning ilk kunlarida rasmiylar norozilarni kuch ishlatib bostirishga harakat qildi, ammo bu yordam ham bermadi, aksincha, odamlarni yanada ko‘proq protest qilishga “ruhlantirdi”. Ular uchun shafqatsizliklar keyingi siyosatga zid bo‘lgan so‘nggi tomchi edi.

The New York Times kolumnisti, Meduza va The Russia File muharriri Maksim Trudolyubov Belarus hukumati tomonidan qilinayotgan hozirgi ishlar Lukashenko rejimining kuchsizligidan dalolat berayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, u jazo umidlari haqida ham aytdi: hokimiyat o‘zgargan taqdirda ham qurbonlar zo‘ravonlik oqibatlari bilan o‘zlari shug‘ullanishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq buni amalga oshirish usullari yaxshi tasvirlangan. “Daryo” bu boradagi Meduza e’lon qilgan Maksim Trudolyubovning tahlillarini tarjima tariqasida taqdim etadi.

Foto: Scanpix

Shubhasiz, ko‘pchilik davlatni 26 yil davomida boshqargan Aleksandr Lukashenko o‘z hokimiyati uchun kurashishini yaxshi tushunib turibdi, ammo u buni qilish uchun tutgan yo‘li – o‘z fuqarolariga qarshi maxsus guruhlarni kuch ishlatishga ruxsat berishi – u tuzgan tizim haqida ko‘p narsani aytadi.

Qurollangan shaxslar bunday yo‘l tutishlari mumkinmi? Kim ularni majbur qilishi mumkin edi va qanday qilib? Albatta, bularga texnik javob bor: kimdir ularning jangovar va siyosiy tayyorgarligini o‘z boshqaruvida ushlagan. Ammo bundan ham muhimroq va tizimlilari bor. Aushvitsdan omon qolgan va butun hayoti davomida o‘z tajribasidan mantiqan foydalanishga harakat qilgan italiyalik yozuvchi Primo Levi barcha matotalitar tizimlar o‘xshash tarzda tashkil etilgan deb hisoblagan.

Ba’zida zaiflik kuchni yengadi

Levi totalitar davlatning “laboratoriyasi” uning qisqartirilgan va mantiqiy nusxasi – lager deb ishongan. Lager – barcha kuchlar va imtiyozlar (ratsion) yuqoridan beriladigan va pastdan boshqarish mumkin bo‘lmagan tizim. “Barcha imtiyozga ega bo‘lganlar xavfni his qilib belgilangan tartibni himoya qilishga tushadi... Chunki imtiyoz ta’rifiga ko‘ra, imtiyozni himoya qiladi va saqlaydi”, deb yozadi Levi o‘zining “Cho‘kkanlar va qutqarilganlar” kitobida.

Xavfsizlik xodimlari – o‘zlarining rahbariyatidan kuch ishlatish huquqini olganlar, ya’ni imtiyozlilar. Ammo shu bilan birga, ularning maqomiga tegishli bo‘lgan har bir narsada xo‘jayinlariga qaram bo‘lgan odamlardir. Umuman olganda, xuddi mahbuslar kabidir. Agar hokimiyatning “rejim himoyachilariga” ishonchi pasaysa, rahbariyat xavfsizlik kuchlariga chekinish yo‘lini to‘sib, ularni jinoyatlariga sherik qilib qo‘yadi.

Belarusdan to‘plangan mavjud dalillar shuni tasdiqlaydiki, politsiya va maxsus kuchlar (OMON) o‘zlarining imtiyozlarini himoya qiladi (“bizga 900 emas, 5 ming rubl to‘lashadi”), odamlarga zulm qilishadi (hayvonlarning nomlari bilan atashadi) va ko‘r-ko‘rona kuch ishlatadi. O‘zining maqsadiga mos kelmaydigan odamlarning obro‘sini tushirish (Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy tarixga ega, chekib olganlar va ishsizlar), rejim o‘zining kazarma-qamoqxona tizimini himoya qilayotganini va uning vakolatlari va ratsionlari faqat yuqoridan taqsimlanganini anglatadi. Aleksandr Soljenitsin “GULAG arxipelagi” kitobida “To‘laqonli inson bo‘lmagan odamni azoblash osonroq”, deb yozgan.

Belarus aholisi ushbu ratsion piramidasini ag‘darib tashlashga harakat qildi – ular o‘zlarini hokimiyat manbai bo‘lishi uchun “saylov” marosimiga haqiqiydek munosabatda bo‘lgan edi. Rejim zo‘ravonlik bilan javob berdi, ammo noroziliklarni bostirishda bo‘lgan o‘ta shafqatsizlik hukumatning xavfsizlik kuchlariga ishonmasligini anglatadi va shuning uchun ularni “yomon yo‘l bilan” bog‘lab qo‘yishga harakat qilmoqda. Bu kuchning emas, balki ichki zaiflikning alomatidir. Bu qanchalik balandparvoz ko‘rinmasin, Belarusning qurolsiz va “kuchsiz” aholisi qurolli kuchlardan kuchliroq ekanliklarini namoyish etdi. Bir vaqtlar dessident bo‘lgan va mustaqil Chexiyaning birinchi prezidenti Vatslav Gavel aytganidek, bu “kuchsizlarning kuchidir”.

Haqiqat har doim ham uzrlardan ustun chiqolmaydi

Tashqi ta’sir ostida Belarusda zo‘ravonlik bo‘lishi aniq. Yevropa Ittifoqi ham, Rossiya ham Belarusdagi “tuzatilgan” status-kvoni saqlab qolishni xohlaydi: ular Lukashenko rejimining ag‘darilishida uning hokimiyatni vaqtincha saqlab qolishidan ko‘ra ko‘proq riskni ko‘radi. Ushbu yo‘nalishda puxta harakat boshlangan va Belarus hukumati mahbuslarni qo‘yib yubormoqda.

Belarusdagi uzoq yillardan beri kutilgan, “kech qolgan” revolyutsiya xuddi 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshlarida bo‘lgani kabi bo‘lmoqda. Bu dunyoda qutqaruvchi va himoya qiluvchi “G‘arb” endi yo‘q. Ziddiyatlarni kamaytirish va uni asta-sekin, yumshoq hal qilish asosiy tashqi kuchlar YeI va Rossiya manfaatlariga mos keladi. Bu shuni anglatadiki, Lukashenko ketsa ham, yangi hokimiyat eski tuzum ostida jinoyat qilganlarga nisbatan radikal pozitsiyani egallashi mumkin emas. Zo‘ravonlikning alamli tajribasi saqlanib qoladi, ammo jabrlanuvchilar katta jabrdiydalar ustidan “g‘oliblarning sud jarayoni”ga umid qilmay, u bilan kurashishlariga to‘g‘ri keladi. Kuch ishlatar tizim vakillari javobgarlikdan qochish ehtimollari katta, bu esa g‘arbning yo‘qligi va Rossiyaning qo‘shni davlatlardagi rejim himoyachilarini qabul qilishga tayyorligi bilan bog‘liq. Bunday hodisa allaqachon Ukraina Maydon bosqini ishtirokchilari bilan sodir bo‘lgan.

Biroq bu Belarus voqealarining ahamiyatini kamaytirmaydi. Kuch ishlatilgan va Belarusda zo‘ravonlik qurbonlari allaqachon yordamga muhtoj va sud qilinish kerak bo‘lgan jinoyatchilar bor.“Kimki qiynoqqa solingan bo‘lsa, vafotigacha bu haqda unutmaydi ... Uni xo‘rlash qurti doimo tishlab turadi. Insoniyatga bo‘lgan ishonch yuzga tushgan birinchi zarbadan keyin singan”, deb yozadi Avstriyada nemis ismi bilan tug‘ilgan (Xans Mayer), ammo keyinchalik uni fransuzcha uslubga o‘zgartirgan faylasuf Jan Ameri.

Huquq himoyachisi Pavel Chikov Lukashenkodan keyingi Belarus Yevropa Ittifoqiga qo‘shiladi, shundan keyin Yevropa inson huquqlari bo‘yicha sudining vakolati ochilmagan qit’adagi so‘nggi mamlakatga kirib boradi, deb ishonmoqda. “Bu Yevropadagi inson huquqlarini himoya qilish institutlariga yangi hayot bag‘ishlaydi va ularning yangilanishiga va Belarusda huquqni muhofaza qilish va sud tizimining eng kuchli islohotiga turtki bo‘ladi”, deb yozadi Chikov.

Jinoyatchilar qanday qilib oqlanadi? Ehtimol, barcha lager rejimlar bilan bir xil bo‘ladi: biz ustimizda turganlarga bemalol itoat etishga tarbiyalanganmiz; biz shiorlar bilan mast edik, marosimlar va namoyishlar bilan mast edik; xalqimiz nomidan qilinadigan barcha ishlar bizning boshimizga tushdi – bularning barchasi ayni haqiqat. Jinoyatchilarning “haqiqati”, odatda, bunday argumentlarda iborat: “biz mamlakatni himoya qildik”, “biz dushmanlar bilan o‘ralganmiz”, “totalitar tuzum sharoitida qarshilik qilish mumkin emas”, “agar men rad qilsam, mening o‘rnimda bundan ham shafqatsiz kimsa bo‘ladi”, “rahbarlar bizdan ham yomonroq harakat qildi” va albatta “biz buyruqni bajardik”. Bunday argumentlar yetarlicha topiladi.

Shu sababdan jabrlanuvchilar nafaqat advokatlar va YeIIHMga qilingan shikoyatlarga, balki o‘zlariga ham ishonishi kerak. Zo‘ravonlikni boshdan kechirgan har bir kishi uni o‘ta ekstremal, zo‘ravonlik bilan duch kelganlarning tajribasini qadrlashi mumkin, chunki omon qolganlarning ba’zilari, masalan, psixiatr Viktor Frankl travma va azob-uqubatlarni yengib o‘tish yo‘llarini yozib qoldirgan. Bu zo‘ravonlik va jinoyatchilarni jazolash g‘oyasidan yiroqda bo‘lgan mamlakatlar fuqarolari uchun yanada muhimroqdir. Bunday sharoitda hayotni boshdan kechirgan mualliflar nafaqat yuqori kuch bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochishingiz mumkinligini aytadi va bunda nafaqat tanani, balki ruhni ham saqlab qolishingiz mumkin.

Bu haqda yana nimalar bilish mumkin?

  • Frankl V. Ma’no qidiryotgan odam. M: taraqqiyot, 1990
  • Zo‘ravonlikdan omon qolish bo‘yicha eng yorqin kitoblardan biri. Uch yilni natsistlar lagerlarida o‘tkazgan va barcha yaqinlarini yo‘qotgan psixiatr Viktor Frankl urushdan so‘ng haddan tashqari tushkunlik sharoitida hayotning mazmuni haqidagi o‘z tushunchalariga asoslangan terapiyani ishlab chiqdi. Frankl asosiy insoniy mulkni ustunlik yoki zavq olish uchun emas, balki ma’noga intilish deb bildi. (Kitob jamoat mulki hisoblanadi)
  • Yurchak A. Bu tugamaguncha abadiy edi. So‘nggi sovet avlodi. M: Novaya literaturnaya kritika, 2017
  • Aleksey Yurchak qiyin, zo‘ravon rejim sharoitidagi hayot tajribasini mutlaqo boshqa antropologik pozitsiyalardan tasvirlaydi. Uning “kech sotsializm” sharoitida yashagan odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilish orqali (1950–1980-yillar o‘rtalari) odam qanday qilib “yomon” rejimlar ostidagi stereotipik tushunchalarni chetlab, davlatning yuqori kuchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikka yo‘l qo‘ymasligini namoyish etadi.
  • Milosh Ch. Qullashgan aql. SPb.: Letniy sad, 2011
  • Rejim bilan birga yashash muammosiga yana bir qarash shoir Cheslav Miloshning siyosiy-falsafiy essesidadir. Bu o‘z mamlakatini tashlab ketgan va rejim bilan to‘qnashish yoki hamkorlik qilish yo‘lini tanlagan bir nechta intellektual do‘stlarning hayot yo‘llarini tushunishga va tasvirlashga harakat qilayotgan odamning qarashi hisoblanadi.