Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov viloyatda koronavirus bilan kasallanganlarga oid statistika kamaytirib ko‘rsatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni asossiz deb atadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

“Hech kimga sir emaski, bugungi kunda aholi orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, infeksiyaga chalinganlar to‘g‘risidagi statistika yashirilayotgani to‘g‘risida mish-mishlar tarqamoqda. Bu mutlaqo asossiz. Har bir bemor va infeksiyaga chalinishda gumonlanayotgan fuqaro viloyat hokimligi qoshidagi koronavirusga qarshi kurashish shtabi tomonidan tekshirilmoqda. Bu nima uchun amalga oshirilmoqda? Kasallikni qancha erta aniqlasak, infeksiya tarqalishining oldini shuncha tezroq olishimiz mumkin”, — deydi Odiljon Umarov.

Farg‘ona viloyatida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha birinchi holat 22-mart kuni qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2-avgust holati bo‘yicha viloyatda kasallar soni 269 kishini tashkil etmoqda, ularning 255 nafari — sog‘aygan, bir bemor vafot etgan, hozirda 14 kishi davolanmoqda.

Uy sharoitida koronavirusdan davolanayotgan bemorlar statistikasidan (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir marotaba e’lon qilingan) Farg‘ona viloyati o‘rin olmagan.

Yaqinda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar uchun 12 600 ta zaxira koyka-o‘rinlar tayyorlab qo‘yilganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Farg‘onada 15 ming kishiga koronavirusga qarshi bepul dori-darmon va himoya vositalari tarqatilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus dori qutilarida bakteriya hamda viruslarga qarshi, immunitetni ko‘taruvchi 21 turdagi dori vositalari, vitaminlar, tibbiy niqoblar va antiseptik gellar jamlangan. Dori-darmon va tibbiy buyumlarning uch oylik zaxirasini yaratish uchun viloyat budjetining orttirib bajarilgan qismidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.