Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi maktab o‘qituvchisining IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi va bir oyoqda turishga majbur qilingani haqida Internetda tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

Boshqarma axborotiga ko‘ra, mazkur xabar o‘rganilgan va haqiqatan ham 2020-yil 26-iyul kuni Furqat tumanidagi 34-son ixtisoslashgan umumta’lim maktabida kompyuter o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holat sodir etilgani aniqlangan.

O‘g‘irlik yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Boshqarma IIO xodimlarining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayevni qiynoqqa solganligi bilan bog‘liq holat yuzasidan Furqat tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borayotgani, mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qilgan.

“Viloyat IIB tomonidan xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, qo‘shimcha xabar beriladi”, – deyiladi Farg‘ona viloyati IIB rasmiy ma’lumotida.

Internetda tarqalgan xabarda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayev kompyuterni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinib, Furqat tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgani va u yerda bir necha soat ushlab turilgani, qiynoqqa solingani, kaltaklanganini ma’lum qilib, voqeadan keyin sog‘lig‘i keskin yomonlashgani hamda IIO xodimlariga chora ko‘rilishini talab qilgani aytilgandi.

13-iyulda Sirdaryo viloyati nazorat-o‘tkazish punktida sudya IIB xodimlari tomonidan kaltaklangan, shu kuni IIV taqdim etgan videotasvirlarda IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilgan sudya tez yordam mashinasini o‘tkazib yubormagani ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik vaziyat ishtirokchisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev karantin postidagi voqea boshqacha bo‘lgani, bodikameradagi yozuvlar montaj qilinganini bildirgan.

10-iyul kuni esa Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida sud xodimi va uning haydovchisiga militsiya xodimlari tomonidan jarohat yetkazilgani xabar qilingan. Keyinchalik 15-iyulda ushbu holatga qonuniy baho berilishi senatorlik nazoratiga olingani aytilgan.

Undan avval, 2020-yil 13-iyunda Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab 3 nafar IIB xodimi hibsga olingan, voqea 30-mayda Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga olib kelinishidan boshlangan. Fuqaro 11-iyunda vafot etgan. 14-iyun kuni Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov mazkur voqea sabab ishdan olindi. Keyinroq IIBda besh kishi ishdan olingani va 19 kishi jazolangani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura ayni ish doirasida olib borilayotgan tergov harakatlari davomida 27-iyun kuni jinoyatga aloqador deb topilgan yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo‘lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olinganini ma’lum qilgan.

Xalqaro press-klub sessiyasida Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab uzr so‘ragan. Bosh prokuratura IIB xodimlari nima uchun fuqaroni qiynoqqa solganini ma’lum qilgan.