Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining 4-sonli Ichki ishlar bo‘limida 30-mayga o‘tar kechasi qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov olgan tan jarohatlari oqibatida 11-iyun kuni vafot etgan edi.

Ushbu voqeadan so‘ng 4-sonli IIB jinoyat-qidiruv guruhining uch nafar tezkor vakili — katta leytenant F.Husanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan, 1-iyun kuni ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan ayb e’lon qilinib, sud qarori bilan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Xalqaro press-klubning 1-iyul kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida qilgan chiqishi chog‘ida olib borilayotgan tergov harakatlari davomida 27-iyun kuni ushbu jinoyatga aloqador deb topilgan yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo‘lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olinganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234, 235 hamda 227-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan ayb e’lon qilingan.

“Shu bilan birga, 4-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchi katta inspektoriga ham Jinoyat kodeksining 227-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, unga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha ravishda axborot beriladi”, — deya Hayot Shamsutdinovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.