Sergelidagi mojaro videosida mahalla ma’muriyatidan shikoyat qilgan ayol hayitlik pulini olganini aytib, minnatdorchilik bildirdi va anglashilmovchilik uchun uzr so‘radi. Aslida videoda yordam olmagani aytilgan oilaga davlat tomonidan muntazam ravishda yordam berib kelingani ma’lum bo‘ldi.

“Yonimdagi erkak kishi olmadim, desa men ishonib o‘tiribman. Men ularning gapiga qo‘shilib, bu odam ham olmadi, deb aytib yubordim. Vaholangki, bugun borib qarasak, xotini eridan berkitgan, er xotinidan berkitgan — 2,5 millionni olishgan ekan ular. Hayitlikka berilgan 1 million so‘mni ham mendan oldin olib bo‘lishgan ekan. Yana homiylar ham yordam berarkan. Lekin bu gapni bizdan berkitib, mening vajohatimdan foydalanib, gapirsa, o‘zimdek ko‘ribman”, — deydi Nilufar Baratova.

Avvalroq Sergelida aholi va mahalla ma’muriyati o‘rtasida 1 million so‘mlik naqd pul yordami ustida mojaro yuzaga kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Videoyozuvlarning birida aholi vakillari “Humo” mahallasi ma’muriyatini yordam pulini bermayotganlikda ayblagan, yordam puli so‘rab kelganlarga mahalla ma’muriyati bankdan kredit olishni tavsiya qilayotgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-iyuldagi farmoniga muvofiq pandemiya sharoitida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”ga) kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam puli berilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Qurbon hayiti arafasida 1 million so‘mdan moddiy yordam tarqatilishi ta’kidlangan edi.

1-avgust kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu mojaro sabab mahallaga borib aholi bilan uchrashgan.