Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Sergeli tumani “Humo” mahallasida naqd pul shaklidagi bir martalik yordam puli masalasida mahalla aholisi va ma’muriyati o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatli holat aks etgan videoyozuv tarqalgan edi. Ushbu mojaro sabab Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mahallaga borib aholi bilan uchrashdi.

Foto: Videodan skrin

Shahar hokimi yordamga muhtojlarga berilayotgan pul haqida gapirar ekan, aslida bu pul kimlarga berish kerakligi haqida aholiga murojaat qilgan.

“Mahalladan shu vaqtgacha hech kimdan yordam so‘ramaganman. Bu noinsoflar ham hayit o‘tadi, boshqa o‘tadi… shunday xayrli ishlar bo‘larkan, bizni xabarimiz yo‘q ekan. Davlat berayotganda, xalqni o‘z rizqini berayotganda bizga (pulni) olib kirib berishga bular majburmi? Sizlar shularni ishonib qo‘ygansizlar shu yerga”, – deya o‘z fikrini bildirgan aholi vakillaridan biri.

Foto: Videodan skrin

Shundan so‘ng, Ortiqxo‘jayev pul olishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatini aholining o‘zi tuzib berishini taklif qildi.

“O‘zingiz odam tanlanglar. O‘tirib ro‘yxat tuzinglar. Siz bergan ro‘yxatga qarab biz buni qilamiz. Siz bu ro‘yxatni bir soatda qilib berolmaysiz. Ikki soatda ham qilib berolmaysiz. Qanchada qilib berish mumkin? Bir kun vaqt ketadi, uzog‘i bilan bir yarim kun vaqt ketadi. Bir yarim kun ichida ro‘yxat tayyorlanglar. Keyin biz unga qarab pulni shakllantiraylik. Bir narsani tushunaylik, o‘ziga to‘q odamlarga pul berib yuborsak, bizni ham javobimiz bor”, – dedi shahar hokimi.

Shuningdek, Ortiqxo‘jayev Toshkentda 3000-4000 ta odamlar jon bilan talashayotganini aytib o‘tdi. Bu vaziyatda bunday mojarolar arzimasligini ta’kidladi.

Hokim aholi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga ko‘ra 3 kun ichida yordam pulini uyma-uy tarqatishni ma’lum qildi.

Bunday holat Toshkentdan tashqari Xorazmda ham kuzatildi. Tegishli videoda aholiga 1 million so‘m o‘rniga 700 ming so‘m tarqatilyotgani, agar shunga rozi bo‘lishmasa keyingi yordam pulini bermaslik bilan tahdid qilingani aytilgan. Bunday holatlarga javoban Mahalla vazirligi hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma‘lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-iyuldagi farmoniga muvofiq pandemiya sharoitida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”ga) kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam puli berilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Qurbon hayiti arafasida 1 million so‘mdan moddiy yordam tarqatilishi ta’kidlangan edi.

Ushbu yangiliklar yuzasidan izoh berarkan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqov: “Pullarni qaysidir bir idoraning kichik xodimi yoki kassiriga ishonib topshirib qo‘yganmiz yo‘q, davlatning vakolatli odamlariga ishonib topshirildi bu pullar”, degandi. U oziq-ovqat to‘plami yoki dori-darmon shaklida moddiy yordam tarqatishda kamchiliklar uchragani, “hamma mas’ullar ham bu masalaga vijdon bilan yondashmayotgani” uchun, bir martalik moddiy yordam pullarini naqd pul shaklida tarqatishga qaror qilinganini aytib o‘tgan edi.