O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mazkur farmon yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo”

Farmonga ko‘ra, pandemiya sharoitida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”ga) kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam puli beriladi.

Qurbon hayiti bayrami arafasida ehtiyojmand oilalar uchun joylardagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali 220-250 ming oilaga respublika budjetidan jami 200 milliard so‘m ajratiladi. Buning natijasida 1 milliondan ortiq aholi naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Qurbon hayiti kunlari “Vaqf” xayriya jamoat fondini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika budjetidan 150 milliard so‘m ajratiladi hamda diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda faol ishtirok etib, hayotini xavf ostiga qo‘yib jonbozlik ko‘rsatayotgan tez tibbiy yordam brigadalarining shifokorlari, hamshiralari, kichik tibbiy xodimlari va haydovchilarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Buning evaziga 26 ming oilaning moddiy ahvoli yaxshilanadi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi choralar hisobiga 652 ming oilaga yoki O‘zbekistondagi jami oilalarning 7,7 foiziga moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, qabul qilingan farmonda pandemiya davrida ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini keskin oshirish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan:

  • bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalar sonini har oyda 14-15 mingtaga oshirib, 2020-yil dekabr oyida 400 mingtagacha yetkaziladi yoki yil boshiga nisbatan qariyb 1,5 barobarga ko‘paytiriladi;
  • 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga to‘lanadigan nafaqa oluvchi oilalar sonini yil boshiga nisbatan 2,5 barobardan ortiqqa oshirib, ularning soni dekabr oyida 700 mingtagacha yetkaziladi;
  • kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordamni oluvchilar soni yil boshiga nisbatan 1,5 barobarga oshirilib, 100 mingtaga

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy nafaqa oluvchilarning umumiy soni 600 mingga ko‘payib, joriy yilning dekabr oyida 1,2 millionga (mamlakatdagi jami oilalarning qariyb 14,1 foizi) yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda va bunga budjetdan qo‘shimcha 426 milliard so‘m ajratiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda kambag‘al oilalarning umumiy soni respublikadagi jami oilalarning 12-15 foizini tashkil etishini inobatga olinsa, ijtimoiy nafaqa mexanizmi bilan yil oxiriga borib mamlakatdagi barcha kambag‘al oilalarning har bir qatlami to‘liq qamrab olinadi.

Shuningdek, farmonda keksa yoshdagi hamda nogironligi bor shaxslarni moddiy qo‘llab quvvatlash maqsadida 2020-yil 1-sentabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ta’kidlanishicha, bu joriy yil yanvar—iyul oylaridagi qayd etilgan inflyatsiya ko‘rsatkichidan (4,3 foiz) yuqori hisoblanadi.

Vazirliklar tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, bu 2,8 million keksa yoshdagi fuqaroni, 687 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni, 210 mingdan ortiq boquvchisini yo‘qotgan shaxsni pandemiya davrida moddiy qo‘llab quvvatlash imkonini beradi.

Bunda, o‘rtacha pensiya miqdori 764 ming so‘mdan 841 ming so‘mgacha oshadi. Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori amaldagi 466 680 so‘mdan 513 350 so‘mgacha ko‘payadi.

Shuningdek, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga (7 yil) ega bo‘lmagan, hayoti davomida Pensiya jamg‘armasiga umuman badal to‘lamagan 37,5 ming nafar keksa fuqaroga beriladigan nafaqa oyiga 315 030 so‘mgacha oshiriladi.

Farmonda ko‘zda tutilgan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga 2020-yilning oxirigacha budjetdan jami qo‘shimcha 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash uchun Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tuzilgandi va 10 trillion so‘m ajratilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro tashkilot va jamg‘armalardan koronavirusga qarshi kurash uchun 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ oldi.