Karantin davrida aliment bilan bog‘liq hujjatlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda, deb “Daryo”ga xabar beradi Majburiy ijro byurosi.

Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2016-yil 21-iyuldagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor A.O.dan undiruvchi M.J. foydasiga uning tarbiyasidagi 2 nafar farzandining ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlaridan 1/3 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.

Ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 2017-yil 20-avgustda kelib tushgan bo‘lib, ijro harakatlari olib borilgan va qarzdor tomonidan shu kungacha aliment pullari uzluksiz va o‘z vaqtida to‘lanib kelingan.

Lekin hozirgi pandemiya davrida qarzdor ota ishsiz qolgani bois, aliment to‘lovlari 4 oydan buyon to‘lanmay qolgan.

Shunda, bo‘lim davlat ijrochilari qarzdor ota bilan aliment to‘lamaslikning huquqiy oqibatlari va agarda o‘zining ikkita uyining birini farzandlari yoki sobiq turmush o‘rtog‘iga hadya qilgan taqdirda mazkur ijro ishini tugatish uchun asos bo‘lishi haqida tushuntirgan.

Natijada alimentchi ota o‘ziga tegishli bo‘lgan Nukus tumani “Baqanshaqli” OFY hududida joylashgan uyini, sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, farzandining nomiga rasmiylashtirib berdi va ijro ishi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga (Majburiy ijro etish choralarini qo‘llash) asosan tugatildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, MIBning Nukus tuman bo‘limi ish yurituvida aliment nafaqasini undirish bilan bog‘liq 250 dan ortiq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, shundan 185 ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlarning ish haqidan aliment pullarini undirish yuzasidan talabnoma yuborilgan va undiruv ish haqlariga qaratilgan. Qolgan qarzdorlardan esa aliment nafaqalari ishsizlik hisobidan undirilmoqda.