Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) tomonidan 25—26-iyul (shanba-yakshanba) kunlari o‘tkazilgan reyd tadbirlarida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yish holatlari aniqlangan. Bu haqda mahalliy telekanalda maxsus lavha efirga berilgan.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, maxsus ruxsatnomasi bor yoki stikersiz yurish huquqiga ega bo‘lgan avtomashinalardan tashqari barcha transport vositalari va yo‘nalishsiz taksilar harakati cheklangandi.

Tadbirlar davomida Xiva tumanida Lacetti to‘xtatilib, haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar va maxsus ruxsatnoma so‘ralgan. Haydovchi haydovchilik guvohnomasini bergan, biroq boshqa hujjatlarni yirtib, mashinasi ustiga otib yuborgan.

Videoda haydovchining: “Meni videoga olyapsanmi, mana qara, mana ‘doverennost’ shu mashinaniki. Mashinani berib yuboraman, qamab qo‘yaversinlar”, – deya hujjatlarni yirtib tashlaganini ko‘rish va eshitish mumkin.

Holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Keyingi lavhada Matiz’ning uy ustuniga kelib urilgan holati aks etgan. Haydovchi inspektorning to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmagan va harakatlanishda davom etgan. YPX xodimlari uni quvib yetganida, mashinadan tushgan. Undan hujjatlar so‘ralganida, Matiz’ni boshqarganini tan olmagan.

“Men bu mashinani haydamadim, bu meniki emas. Agar haydagan bo‘lsam, gunoh menda bo‘lsa, mayli jazolang. Menda avtomashina kaliti yo‘q, men buni haydamadim. Men shu joyda pivo ichib o‘tirgan edim”, – degan u lavhada.

Haydovchining og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelgan, shuningdek, u o‘tirgan joyda dasturxonda alkogol mahsulotlari turgani videoda ko‘rinib turibdi. Shu sababli u tibbiy ko‘rikka taklif qilingan. Haydovchining spirtli ichimlik ichgani tasdiqlangan. Transport vositasi evakuatorda vaqtinchalik jarima maydonchasiga olib ketilgan.

Avval Namanganda avtotransport harakatlanishi cheklangan kuni (26-iyulda) ro‘y bergan Cobalt va tez yordam mashinasi to‘qnashuvi oqibatida Damas ichidagi fuqaro halok bo‘lgani haqida xabar berilgan.