G‘avvoslar Niderlandiya poytaxti Amsterdamdagi kanallardan birining tubidan 1987-yilda ishlab chiqarilgan Ferrari Mondial’ni topdi. Mazkur avtomobil 30 yil oldin o‘g‘irlab ketilgan bo‘lib chiqdi, deb xabar beradi The Drive.
Politsiyachilar sportkarni suv tubidan chiqarib olish uchun zaruriy texnikalarni Mudofaa vazirligidan olib turgan.
Huquq-tartibot organi xodimlari avtomobilning VIN-raqamini tekshirib, Ferrari bundan 30 yil oldin o‘g‘irlab ketilganini aniqlagan. Ish hozirda yopib yuborilgan, sug‘urta kompaniyasi esa yetkazilgan zararni qoplagan. 30 yil suv ostida yotgan transport vositasida biror dalil qolmagani sabab holat yuzasidan yangi ish qo‘zg‘atilmagan.
Ta’kidlanishicha, noodatiy topilmaga qiziqish bildirgan amsterdamliklar Ferrari Mondial’ni metallolomga topshirmasdan, mahalliy Artis hayvonot bog‘idagi akvariumga dekoratsiya sifatida qo‘yishni taklif etgan.
Avvalroq AQShda g‘avvoslar daryo tubidan noyob avtomobillar kolleksiyasini topib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)