Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, professor Habibullo Oqilov emizikli onalar koronavirusga chalingan bo‘lsa, farzandini qanday emizishi borasida aniqlik kiritib o‘tdi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra, emizikli ayol koronavirus kasalligiga chalingan bo‘lsa, barcha gigiyenik qoidalariga rioya etgan holda bolasini emizishi mumkin. Buning uchun ayol qo‘llarini yaxshilab sovunlab yuvib, ularga dezinfeksiya vositalari bilan ishlov berib, yuziga tibbiy niqob taqib imkon doirasida bola tomonga emas, balki qarama-qarshi tomonga qarab nafas olishi lozim”, — deydi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Habibulla Oqilov hozirgi kunda homilador ayollar koronavirus infeksiyasiga va uning asoratlariga boshqalardan ko‘ra ko‘proq moyilligi to‘g‘risida axborotlar yo‘qligi, lekin shu bilan birgalikda sog‘lom farzand ko‘rish maqsadida infeksiya turidan qat’i nazar homilador ayol ulardan o‘zini asrashi kerakligi barcha toifadagi shifokorlar tomonidan ta’kidlanishini aytgan edi.  Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Anvar Alimov koronavirus xotin-qizlarda bepushtlikka olib kelishi ehtimoli borligini aytgandi. Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko esa koronavirus infeksiyasi bepushtlikka olib kelishi mumkinligi haqida ishonchli dalillar yo‘qligini bildirgan.