O‘zbekistonda 18-iyul soat 23:30 dan 19-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 566 ta holat qayd etildi. Ketma-ket uchinchi koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshmoqda. Hozirgacha eng ko‘p kasallanish holati 13-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni 594 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 16752 kishiga yetdi.
Yangi kasallanish holatlari
Yangi kasallanganlarning- 110 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
- 456 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 267 nafar, Andijon viloyatida — 65 nafar, Sirdaryo viloyatida — 41 nafar, Toshkent viloyatida — 31 nafar, Namangan viloyatida — 22 nafar, Buxoro viloyatida — 17 nafar, Samarqand viloyatida — 9 nafar, Surxondaryo viloyatida — 3 nafar, Jizzax viloyatida — 1 nafar) aniqlangan.
Toshkent shahrida 267 ta yangi holat aniqlandi. Hafta davomida Toshkent shahrida 5-marta kunlik kasallanganlar soni 200 nafardan oshdi. Bir hafta ichida poytaxtda kasallanganlar soni 1892 nafarga yetdi. Bu kasallanganlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan Toshkent viloyatidagi barcha kasallar (1731) sonidan ko‘pdir. Xorijdan kelib karantinga olingan fuqarolar orasida 19-iyul kuni aniqlangan 138 nafar bemor ham Toshkent shahrida davolanayotgan bemorlar safiga qo‘shildi. Hozirda poytaxtda kasallikka chalinganlar soni 10 mingdan oshib ketdi. Ularning yarmidan ortig‘i davolanishni davom ettirmoqda.
Joylar yetishmovchiligining oldini olish uchun Toshkent shahar hokimligi “B rejasi” doirasida “O‘zekspomarkaz”da koronavirusda gumonlangan bemorlar uchun 500 o‘rinli joylar tayyorlab qo‘ydi. Jahongir Ortiqxo‘jayevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan bu ishlar uchun budjet mablag‘lari sarflanmasligi ma’lum qilindi. “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma markazi maydonlarida tashkil etilayotgan ushbu markaz koronavirusga chalingani gumon qilingan bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va kasallik darajasini aniqlash, shuningdek, bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish va ularni klinikalarga taqsimlashga mo‘ljallangan.
Andijon viloyatida 65 kishida kasallik aniqlandi, jami kasallanganlar soni esa 650 nafarga yetdi. Viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 10 foizi 19-iyulga to‘g‘ri keldi. Andijon kasallanganlar soni bo‘yicha Buxorodan o‘zib ketdi. Koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Andijon Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Samarqanddan so‘ng 4-o‘ringa chiqib oldi, vaholanki iyun oyi oxirida viloyat 8-o‘rinda bo‘lgan. 15-iyuldagi videoselektorda Prezident koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyatdan chiqib ketish bo‘yicha Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari qatorida Andijonni ham misol qilib keltirib, og‘ir sharoitdan mazkur hududlardagi birinchi rahbarlar fidoyiligi, qattiqqo‘lligi uchun chiqib ketilganini ta’kidlagandi. Selektordan bir kun oldin chindanam Andijondagi vaziyat ancha yaxshi edi, 384 bemordan 323 nafari sog‘ayib, kasalxonalarda 51 nafar bemor qolgandi. Ammo 15-iyulning o‘zida viloyatda 112 kishida kasallik aniqlanib, antirekord o‘rnatildi. Oy boshida Andijonda kasallanganlar soni 209 nafar edi, ortda qolgan 19 kunda viloyatda 441 kishida kasallik aniqlandi. Iyul oyida Andijonda kasallikka chalinganlar soni 3 baravardan ortiqqa ko‘paydi. Shunga qaramay, Andijon koronavirusdan birontayam o‘lim qayd etilmagan yagona hudud bo‘lib turibdi.
Sirdaryo viloyatida 41 kishida kasallik qayd etildi. Oxirgi uch kun ichida viloyatda kasallanganlar soni 151 kishiga ko‘paydi. 17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. Ungacha esa 7-iyuldan so‘ng 10 kun davomida birontayam yangi holat haqida xabar berilmagandi. Ammo bu oraliqda Sirdaryoda koronavirus qayd etilgan. Bu SSVning Sirdaryoda 69 yoshli erkak vafot etgani haqidagi xabaridan oydinlashdi. Gulistonlik erkakda 11-iyul kuni koronavirus aniqlangan ekan.
Toshkent viloyatida 31 kishida koronavirus aniqlandi. 17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshladi. O‘sha kuni viloyatda birontayam yangi holat aniqlanmagandi, 18-iyul kuni esa 22 kishida koronavirus qayd etildi. Hozir Toshkent viloyati kasallanganlar soni (1731 nafar) bo‘yicha Toshkent shahridan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.
Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 22 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 12-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Namanganda iyul oyida 218 kishida koronavirus qayd etildi. Namangan viloyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Andijon viloyatlaridan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshgan 6-hudud bo‘ldi.
Buxoro viloyatida 17 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda iyul oyida koronavirusga chalinganlar soni 112 kishida ko‘paydi. Bu Buxorodagi jami kasallanish holatlarining 18 foizidir.
Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 9 ta holat qayd etildi. Viloyatda iyul oyi boshidan beri 283 kishida kasallik tasdiqlangan. Bu jami kasallanish holatlarining 39 foiziga teng.
Surxondaryo viloyatida 3 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Viloyatda 14-iyuldan beri har kuni yangi holatlar qayd etilmoqda. Iyul allaqachon viloyat uchun eng ko‘p kasallik aniqlangan oyga aylanib bo‘lgan. Chunki mart, aprel, may va iyun oylarida jami 101 ta holat aniqlangandi. 1-iyuldan beri esa Surxondaryoda yana 182 kishida koronavirus aniqlandi.
Mavzuga doir: Surxondaryo hokimining koronavirusga chalingani bir necha kun yashirildi. U COVID-19 ni yuqtirib olgan yagona hokim emas
O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 3 nafar, Toshkent viloyatida 1 nafardan, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Shuningdek, Toshkent shahri Olmazor tumani hokimligi 60 yoshli hamshiraning koronavirus asoratlaridan vafot etganini ma’lum qildi.Birinchi o‘lim. Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi 67 yoshli U.A. ismli ayolda 10-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent shahridagi 1-sonli klinik shifoxonaga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar berishlaricha, 16-iyul kuni esa o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani sababli sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi apparatiga olingan. Unga COVID-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.
Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, diabetik ensefalopatiya, diabetik nefropatiya asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.
Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 47 yoshli M.K. ismli ayolda 5-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasi, yurak ishemik kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda gipertoniya hamroh kasalligi bo‘lgan.
Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrining Olmazor tumani “Mirzo G‘olib” mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza Asqarovna To‘xtayeva koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda 19-iyul kuni Olmazor tumani hokimligi ma’lum qildi.
“COVID-19 kasalligi mehribon ona, fidoyi, jonkuyar, xalqparvar, bemorlar dardiga davo bo‘lib kelgan shirinsuxan hamshira Feruza Asqarovnani oramizdan bevaqt olib ketdi. Bemorlarga yordam ko‘rsatib charchamagan, ayniqsa hozirgi vaqtda fidoyilik ko‘rsatgan Feruza opa so‘nggi vaqtgacha o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashdi”, — deyiladi tuman hokimligi ta’ziyanomasida.
Olmazor tumani hokimligi marhumaning oila a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirgan. Feruza To‘xtayeva 60 yoshda bo‘lgan. Olmazordagi hamshiraning vafoti yuzasidan hozircha Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot berganicha yo‘q.
To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 65 yoshli K.G. ismli erkakda 11-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Bemor doimiy ravishda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi, qandli diabet, surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi bilan davolanib yurgan.
Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan bemor, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 39 yoshli M.R ismli erkakda 6-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.
Xastalik o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 87 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus chalingach vafot etganlar soni 90 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov, Olmazor tumani hokimligi 60 yoshli hamshira Feruza To‘xtayeva koronavirus asoratlaridan vafot etganini e’lon qilgan, biroq hozircha ushbu holatlar SSV tomonidan ayni vaqtgacha tasdiqlangani yo‘q.
Shuningdek, taniqli rejissor Sarvar Karimov 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Sanoatqurilishbank”ning Olmazor tumani xodimi Umida Usmonova 17-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Bank matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, xodim ikki tomonlama pnevmoniya oqibatida hayotdan ko‘z yumgan, uning koronavirusga topshirgan test javobi hali chiqmagan.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 7386 nafar bemordan 81 nafari og‘ir, 23 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan, 17-iyul kuni 80 nafardan, 18-iyul kuni 90 nafardan oshgandi, endi esa ularning umumiy soni 100 nafardan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa 14-iyuldan beri har kuni 4 nafardan bemorning vafot etayotgani haqida axborot bermoqda.
Ikki hafta oldin ham o‘lim ko‘rsatkichi 0,3 foizni tashkil etayotgandi. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich 0,5 foizga yetdi.
Kasallikdan davolanish
19-iyul kuni 152 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Ulardan- 108 nafari Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida;
- 16 nafari Sirdaryo viloyatida;
- 14 nafari Qashqadaryo viloyatida;
- 11 nafari Andijon viloyatida;
- 2 nafari Qoraqalpog‘istonda;
- 1 nafari Farg‘ona viloyatida sog‘aydi.
Izoh (0)