Bern universitetining sobiq direktori, faxriy professor va mikrobiolog Bed Shtadler butun dunyoda koronavirusga qarshi kurashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi. Uning tadqiqotlari Amerika tibbiyot akademiyasi portalida e’lon qilindi.

Foto: Getty Images

Shtadlerning fikricha, koronavirusga qarshi kurashda quyidagi xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan:

  • SARS-CoV-2 koronavirusi — bu mutlaqo yangi virus emas, u boshqa koronaviruslarga o‘xshaydi; u mutatsiyaga uchrab yozga yo‘qolib ketadigan shamollashni keltirib chiqaruvchi mavsumiy virus kabidir. Shu sababli, masalan, “ko‘plab veterinar shifokorlar koronavirusning yangiligi to‘g‘risidagi xabarlardan g‘azablanishdi, chunki ular yillar davomida mushuklar, itlar, cho‘chqalar va sigirlarni emlab kelgan”.
  • Butun dunyodagi ekspertlar koronavirusning asosiy xavfi sifatida unga qarshi immunitet yo‘qligini aytmoqda, biroq bu shunchaki taxmin, chunki bu borada tegishli tadqiqot o‘tkazilmagan.

“Bu ilm emas, balki barcha bir-birini qaytargan, intuitsiyaga asoslangan haqiqiy spekulyatsiya”, — deydi Shtadler.

  • Olim buning isboti sifatida yangi turdagi koronavirus Xitoyda bunga qadar atipik pnevmoniyani keltirib chiqargan SARS virusi tarqalgan tumanlarda kasallar kamligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirgan. “Bu bizning immun tizimimiz SARS va koronavirus qisman o‘xshashligi va bir virus bizni boshqasidan himoya qilish mumkinligini ko‘rsatib beruvchi isbot”, — deydi u.

Shuningdek, Shtadler nemis olimlarining tadqiqotlari natijasini misol qilib keltirgan. Unga ko‘ra, Berlinning koronavirusga chalinmagan 34 foiz aholisida T-hujayralar javob beruvchi orttirilgan immunitet aniqlangan. Bu ushbu hujayralar SARS-CoV-2 strukturasida oddiy shamollashga o‘xshash qo‘zg‘atuvchilarni aniqlab, unga qarshi kurashayotganini anglatadi.

Epidemiologlarning koronavirus mavsumiy ekanligiga ishonmagani noto‘g‘ri modellar va prognozlarni tuzishga olib kelgan. “Dastlabki yomon ssenariylar hech yerda kuzatilmaganidan so‘ng, ayrimlar hamon ikkinchi to‘lqinni bashorat qiluvchi modelga yopishib olgan”, — deydi Shtadler.

Shu bilan birga, koronavirusni kasallik alomatlarisiz tashuvchilar ham yo‘q: ular xuddi xavf guruhiga kirmagan aksariyat bolalar kabi kasallikka immunitet borlar. Xatolik koronavirus testlari virus tirikligini yoki immun tizimi orqali yo‘q qilinganini aniqlay olmasligi sabab yuzaga kelgan. “Taxminimcha, har kuni kasallik qayd etilayotgan bemorlarning katta qismida virus chiqindisi sabab kasallik yuzaga kelmoqda”, — deydi Shtadler.

“Yana bir hazil shuki, ayrim virusologlar koronavirusni alomatsiz boshdan kechirayotgan bemorlar uni boshqalarga yuqtirishi mumkinligi to‘g‘risidagi ta’kidlamoqda. ‘Sog‘lom’ kasallarning tomog‘ida shu qadar ko‘p virus bo‘lishi kerakki, ikki insonlardan biri boshqa bir ‘sog‘lom’ga virusni yuqtirishi uchun shunchaki suhbatlashishi kifoya”, — deya kinoya qiladi olim. Shtadlerning ta’kidlashicha, kasallikni alomatlarsiz tashuvchilar virusni yenggan bo‘lsa, ular kasallikni tarqata olmaydi.

“Hozirda virus yo‘qoldi. U qishda qaytishi mumkin, biroq bu ikkinchi to‘lqin emas, balki mavsumiy xarakterga ega. Hozirda niqob taqib yurgan yosh va sog‘lom insonlar boshiga shlem kiyib yurishgani ma’qul. Chunki koronavirus bilan jiddiy kasallanish ehtimolligi boshga biror nima tushishidan kamroq.

Qishda baribir kasallikka chalinadiganlar esa niqob taqib yurishlari mumkin. Bu orqali ular boshqalarga mazkur pandemiyadan nimani o‘rganganini ko‘rsatib beradi”, — deydi Shtadler.

Avvalroq xitoylik olimlar koronavirusga chalingan odamning qonida qand miqdorining yuqori bo‘lishi uning koronavirusdan o‘lish xavfini ikki baravar oshirishini aniqlagan edi.