Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish borasidagi ishlarni rivojlantirish maqsadida xorijda ishlab chiqarilgan 15 ta maxsus zamonaviy reanimobil O‘zbekitsonga olib kelinganini xabar qildi.
“Keltirilgan yangi maxsus reanimobillar bemorlarni transportirovka qilish sohasidagi kamchiliklarni bartaraf qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Reanimobillar defibrillyator, EKG va sun’iy nafas oldirish apparatlari, dori-darmonlar kabi barcha kerakli vositalar bilan jihozlangan bo‘lib, bemorni bir manzildan tibbiyot muassasasiga yetkazib borguncha uning hayotini saqlab qolish imkoniyatini beradi”, — deyilgan SSV xabarida.
Shuningdek, vazirlik bemorlarni tashishda tibbiyot xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida reanimobillarning biobokslar bilan ta’minlangani, maxsus zambilning ustiga qilingan qoplamada darchalar bo‘lib, ular orqali tibbiyot xodimi bemorga bemalol muolajalar o‘tkazishi mumkinligi qayd etilgan.
2017—2018-yillar mobaynida O‘zbekiston tarixida birinchi marta tez tibbiy yordam xizmati uchun 1500 ta yangi ixtisoslashgan avtomashina xarid qilingan.
2020-yil yanvar oyida Toshkentdagi tez tibbiy yordam xizmati uchun xorijdan keltirilgan 150 ta Ford zamonaviy reanimobili foydalanishga topshirilgan.