Ikkinchi jahon urushi hal qiluvchi pallaga kelganda AQSh maxsus xizmatlari Germaniyaning ilmiy-texnik va texnologik yutuqlarini o‘z mamlakatiga ko‘chirib kelish uchun maxsus operatsiyani tayyorlashga kirishdi. “Daryo” katta maxfiylik bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Darparda” operatsiyasi haqida hikoya qiladi.
Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan yillarda Germaniya jahonning ilmiy va texnik jihatdan eng ilg‘or mamlakati hisoblangan. Ilk dirijabllar, yadroviy parchalanish reaksiyasi, mineral o‘g‘itlar texnologiyasi va yana ko‘plab mislsiz olamshumul kashfiyot va ixtirolar aynan shu mamlakatda amalga oshirilgan. Albert Eynshteyn, Mask Plank, Vilgelm Ryontgen, Verner Geyzenberg, Volfgang Pauli, Maks Born, Liza Meytner singari XX asr birinchi yarmining eng yetuk zehn egalari ham ushbu mamlakatdan yetishib chiqqan.
Bu olimlar, shubhasiz, dunyo ilm-faniga tasavvur qilib bo‘lmas darajada hissa qo‘shgan edi. Qolaversa, o‘sha paytlardagi Germaniya sanoati va iqtisodiyotining 1929–1932-yillardagi (buyuk turg‘unlik davri) chuqur tanazzullardan keyin tezkor oyoqqa turib olgani ham, albatta, bu mamlakatdagi ilmiy texnik salohiyatning naqadar katta bo‘lganidan dalolat berib turibdi.
Qiziq bir faktni yodga olib o‘tish kerak. Hozirda hammamiz istalgan mahsulot yorlig‘ida “Made in falon davlat” yozuviga duch kelamiz. Aksar tovarlarda bu yozuv “made in China”, ya’ni “Xitoyda ishlab chiqarilgan” qabilida bo‘ladi. Mahsulotlarga aynan shu yozuvni tirkash g‘oyasi ham dastavval Germaniya tovarlari uchun tatbiq etilganini bilasizmi?
Gap shundaki, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida, ayniqsa, 1910–1920-yillarda Angliyada nemis tovarlariga bo‘lgan talabni sun’iy pasaytirish va bu orqali Germaniyaga iqtisodiy zarba berish maqsadida ushbu mamlakatdan keltirilgan tovarlarga “Made in Germany” yozuvini yopishtirish amaliyoti joriy etilgan. G‘oyaga ko’ra, odamlar “Made in Germany” yozuvi bor tovarga duch kelsa, uni sifatsiz deb bilib, sotib olishdan voz kechishi maqsad qilingan edi.
Biroq nemislarning, ayniqsa, texnika mahsulotlari sifat va ishonchlilik jihatidan qolgan hammanikidan ustun ekanini oddiy iste’molchilar juda tez tushunib yetgan. Shu sababli, inglizlarning ushbu rejasi aks natija berib, odamlar muayyan mahsulot Germaniyaniki bo‘lsa, u albatta juda sifatli bo‘lishini shu bahona bilib olishgan edi.
Hozirda ham ilm-fan va texnika sohalarida eng yetakchilardan biri bo‘lmish ushbu davlat Birinchi va Ikkinchi jahon urushlaridagi mag‘lubiyat va asosan o‘z ichkarisida yuzaga kelgan g‘ayriinsoniy siyosiy tuzum evaziga ushbu texnologik yetakchilik maqomidan mosuvo bo‘ldi. Yaxshi bilamizki, hozirda jahonning iqtisodiy va texnologik jihatdan eng yetakchi mamlakati bu – AQSh hisoblanadi. Albatta, Yevropa davlatlari, Yaponiya va so‘nggi yillarda Xitoy ham bu borada Amerika Qo‘shma Shtatlariga raqobat qilishga urinib kelmoqda. Biroq kimgadir yoqadimi-yo‘qmi, hozirda AQShning texnologik ustunligi sezilarlidir.
Xo‘sh, bunga asosiy omil nima deb o‘ylaysiz?
Yuqorida Germaniya haqida bejizga so‘z ochmadik. Tarixan ilk muvaffaqiyatli yadroviy parchalanish reaksiyasi ham 1938-yilda Germaniyada uddalangan. O‘shanda nemis olimlar Otto Gan va Frits Shtrassman birgalikda Uran-235 izotopida zanjir yadro reaksiyasini yo‘lga qo‘yishni amalda bajarishiga bir baxya qolgan edi. Ular faqat masalaning nazariy hisob-kitoblarini, ya’ni kritik massani aniqlash borasida hali aniq bir natijani ololmagan edi xolos. Bu juda qaltis holatni yuzaga keltirgan bo‘lib, Germaniya amalda ilk atom bombasiga ega chiqishi hech gap emas edi.
Tashqarida esa allaqachon fashizm va natsizm quloch yoygan, mamlakat hukumati tepasiga sivilizatsiya tarixidagi ehtimol eng radikal, manfur kimsalar kelib qolgandi. Ularning qo‘liga ushbu atom bombasi tushib qolganda bormi?! U yog‘ini odam o‘ylagani ham qo‘rqadi... Germaniyada atom bombasi ko‘rinishidagi ommaviy qirg‘in qurolini yaratishga juda yaqin kelingani va bunga nemislarda to‘la potensial mavjudligi haqida o‘sha paytdayoq AQSh razvedkasida yetarlicha ma’lumotlar bo‘lgan.
1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirgan, 1944-yilga kelib esa endi Germaniyaning mag‘lubiyati aniq bo‘lib qolgan edi. Uchinchi reyxning qulashi shunchaki vaqt masalasi bo‘lib, ittifoqchilar allaqachon urushdan keyingi dunyoning geosiyosiy manzarasi yuzasidan munozaralarga kirishgan bir paytda, AQSh maxsus xizmatlari Germaniyaning ilmiy-texnik va texnologik yutuqlarini o‘z mamlakatiga ko‘chirib kelish, shuningdek, nemis olimlariga va malakali mutaxassislariga boshpana berish bo‘yicha yirik maxsus operatsiyani tayyorlashga kirishadi. Katta maxfiylik bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan o‘sha operatsiyaga “Darparda” (Overcast) operatsiyasi deb nom berilgan.
Shu maqsadda AQSh josuslari 1944-yilning noyabridayoq ish boshlagan va dastlabki bosqichda asosan sanoat-texnik razvedkasini amalga oshirib, aviatexnik ishlanmalarni izlab topish hamda boshqarmaga bu borada axborot yetkazish bilan shug‘ullangan. AQSh strategik xizmatlari boshqarmasi esa nemis mutaxassislari va olimlarini yashirin ravishda AQShga yetkazib kelishni ko‘zda tutadigan JIOA (Joint Intelligence Objectives Agency) operatsiyasini ham ishga tushirgan.
AQSh maxsus xizmati xodimlari butun Germaniya bo‘ylab ballistik raketalar, kemalar, suvosti kemalari, samolyotlar va ularning chizmalarini, turli texnologik ishlanmalarning arxiv hujjatlarini va ularni yaratishda ishtirok etgan mutaxassislarni, uchuvchilarni hamda yadroviy texnologiyalarga aloqasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday mutaxassislarni izlab topib, ular haqida shtabga ma’lumot jo‘natish bilan shug‘ullangan.
1945-yilning 8-may kuni fashistlar Germaniyasi rasman kapitulyatsiya berganidan keyin esa endi urushning asosiy g‘olibi sifatida SSSRning Germaniyadagi ko‘plab narsalarga, shu jumladan, ilmiy yutuqlarga ham ega chiqishi xavfi yuzaga keladi. Amerikaliklar texnologik yutuqlarni sovetlar qo‘liga o‘tib ketishini istamas edi. Shu sababli ham AQSh “Darparda” operatsiyasini tezkorlik bilan amalga oshirishga kirishadi va 1945-yilning 6-iyul kuni avvaldan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida Germaniyadan yuqori malakali mutaxassislarni va texnik ishlanmalarni evakuatsiya qilishni boshlaydi.
Dastavval amerikaliklar 350 nafar nemis mutaxassisini yashirin tarzda Amerikaga keltirishni reja qilgan. Biroq 1946-yilga kelib JIAO, aslida, Germaniyada kuchli mutaxassislar juda ko‘pligini va qaqshatqich urushdan keyin ular juda mushkul ahvolda (ko‘pi och-nahor va yupun) qolganini aniqlaydi va “Darparda” operatsiyasini kengaytirishga qaror qiladi. Natijada, maxsus xizmatlar orqali yana ming nafar germaniyalik va avstriyalik nemis mutaxassislari okean ortiga keltiriladi.
“Darparda” operatsiyasi vositasida olib kelingan, ta’bir joiz bo‘lsa, eng katta “o‘lja” bu ilk jangovar ballistik raketalarni yaratgan mutaxassis Verner fon Braun bo‘lgan deb baholanadi. Aytishlaricha, fon Braun 1945-yilning may oyining birinchi kunlarida o‘zining 500 nafar xodimlari bilan birgalikda ixtiyoriy ravishda AQSh harbiylariga taslim bo‘lgan ekan. U bungacha Fau-2 ballistik raketalarini yaratgani va armiyaga muntazam ravishda yetkazib berib turgani bilan mashhur bo‘lgan.
O‘sha paytda esa uning qo‘lida yangi avlod A-9/A-10 qit’alararo ballistik raketasining mukammal chizmalari va sinov namunalari ham bo‘lgan. Avvaliga AQSh harbiylari ushbu guruhni Bavariya janubidagi “Darparda lageri” deb nomlangan maxsus lagerga joylashtiradi. Biroq ko‘p o‘tmay OAV bu haqida xabar topadi va AQSh hukumati fashist harbiy jinoyatchilariga boshpana berayotganlikda ayblanib, qattiq tanqid yomg‘iri ostida qolib ketadi.
Shunga qaramay, 1945-yilning yozining o‘zida fon Braun va uning raketachilar guruhi Texas shtatiga sog‘-omon eltib qo‘yiladi. Ularga ishlanmalarni davom ettirish uchun Nyu-Meksikodagi raketa poligonida sharoit hozirlab ham beriladi. Vaziyatdan yana OAV boxabar bo‘lishining oldini olish maqsadida, endi maxsus xizmatlar “Darparda” operatsiyasining nomini “Qistirma” (Paperclip) deb ham o‘zgartirgan.
1955-yilga kelib fon Braunga AQSh fuqaroligi ham berilgan. U keyinchalik, AQShning kosmik dasturlarida muhandis sifatida ishtirok etgan va “Saturn” raketa eltuvchisini ishlab chiqishda uning yechimlaridan foydalanilgan. U NASA direktori o‘rinbosari hamda Kanaveral kosmodromi boshlig‘i lavozimlarida ham ishlagan.
“Darparda” operatsiyasidan tashqari ham ko‘plab nemis olimlar o‘z oyog‘i bilan AQShga qochib kelganini e’tirof etish joiz. Lekin ularning aksariyati kelib chiqishiga ko‘ra yahudiy bo‘lgani uchun fashistlar tomonidan ta’qib qilingan bo‘lgan yoki uchinchi reyxni tanqid qilgani sababli SS tayziqlariga uchragan olimlar bo‘lgan. Albert Eynshteyn, fon Neyman singarilar o‘zlari AQShga yetib kelgan bo‘lsa, Maks Borni singarilar esa hatto Hindistonga qochishga ham majbur bo‘lgan...
Muzaffar Qosimov tayyorladi.
Izoh (0)