Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaga tegishli harbiy aviatsiya kuchlari Yamanning bir qator viloyatlarga zarba berdi. Sa’da shahriga amalga oshirilgan hujum oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, deb xabar qiladi Al Masirah telekanali.

Foto: EPA

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor. Shuningdek, poytaxt Sana shahrining bir qator tumanlari, Hajja, Marib, Al-Jauf va Al-Bayda viloyatlariga ham hujum uyushtirilgan.

1-iyuldan boshlab harbiy koalitsiya isyonchi xusiylar tomonidan Saudiya Arabistoni chegarasiga ballistik raketalar va uchuvchisiz qurilmalar orqali amalga oshirilgan hujumga javoban keng ko‘lamli operatsiyalar boshlanganini e’lon qilgandi.

Isyonchi xusiylar va Yaman prezidenti Mansur Hodiy armiyasi o‘rtasidagi qurolli mojarolar 2014-yildan beri davom etmoqda. Ziddiyat 2015-yilning martida mamlakatda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari kirib kelganidan so‘ng kuchaygan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyida xusiylar 2019-yilning sentabrida Saudiya Arabistonidagi Saudi Aramco neftni qayta ishlash obyektlariga raketa zarbalarini amalga oshirganini tan olgandi. Biroq AQSh bunda Eronni ayblagan. Keyinroq BMT ham Saudi Aramco’ga uyushtirilgan hujumga xusiylarning aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgandi.