Myanmaning shimolidagi Kachin shtatida joylashgan Pxakan shahri hududidagi jadeit va nefrit konida ko‘chki yuz berdi. Ko‘chki oqibatida 126 kishi qurbon bo‘lgan. Qutqaruvchilar jarohat olgan 23 kishini kasalxonaga olib borgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

Ma’lum qilinishicha, ko‘chki ostidan 126 kishining jasadlari va jarohat olgan 23 kishi chiqarib olingan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Pxakan hududidagi nefrit konlarida halokatli oqibatlarga olib keluvchi ko‘chkilar tez-tez yuz berib turadi. Mamlakatning jadeit va nefrit qazib olish bo‘yicha asosiy konlari mazkur hududda joylashgan. Mazkur qimmatbaho toshlar qo‘shni davlatlarga, xususan, Xitoyga eksport qilinadi.

Og‘ir texnikalar ishlaydigan konlarning ma’muriyatlari toshlarni qidirish ishlariga mustaqil izlovchilarni ham jalb qiladi. Mustaqil izlovchilar toshlar izlanayotgan konlarning ichida qolib ishlaydi. Ko‘chkilar yuz bergan vaqtda ko‘pincha aynan mustaqil izlovchilar halok bo‘ladi.

Avvalroq Norvegiyada sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida 8 ta uy dengizga g‘arq bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Xitoyda esa kuchli yog‘ingarchilik oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgandi.