26-iyun O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 250 nafar bemordan 25 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 27-iyun kuni 255 nafar bemordan 54 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 39 nafari Toshkent shahrida aniqlandi, deb yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Qayd etilishicha, ikki kun ichida umumiy kasallanish ko‘rsatkichi biroz oshgan, aholi orasida koronavirusga chalinish holati esa keskin o‘sgan.

Jumladan, “O‘zbektelekom” kasaba uyushmasi xodimi J.X.da, shifoxonaga yotish maqsadida namuna topshirgan Yunusobod tumanida yashovchi N.Y.da kasallik aniqlangan.

Yunusobodda yashovchi 2 nafar fuqaroda (Yunusobod dehqon bozoridan bir necha bor xarid qilgan), Olmazor tumanida yashovchi B.I.da (tana harorati ko‘tarilib, namuna topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi B.A.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), Uchtepa tumanida yashovchi N.A.da koronavirus qayd etilgan.

“O‘rikzor” savdo majmuasining oziq-ovqat do‘koni sotuvchisi F.X.da, Shayxontohur tumanidagi sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexi ishchisi F.R.da, Yunusobod tuman FXDYo bo‘limi mas’ul xodimi S.S.da ham koronavirus infeksiyasi borligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, 1-son Respublika klinik shifoxonasida davolanayotgan bemor O.A.da, “Ipoteka” bank Shayxontohur filiali kassiri M.X.da, “Asaka bank” bosh ofisi xodimi A.D.da, Sergeli tumanidagi Enter engineering qurilish kompaniyasi xodimi T.K.da ham kasallik aniqlangan.

SSV xabarida vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, aholi orasida koronavirusga chalinish xavfi yuqoriligi bois Toshkent shahri aholisi va mehmonlaridan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish so‘ralgan.