Toshkent shahrida 18-iyun kuni “Kamaz” yuk mashinasining gaz balloni portlashi oqibatida ikki kishi vafot etdi.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 05:52 da Shayxontohur tumani THAY ko‘chasi “Dilshod” kafesi qarshisida yuz bergan. 1982-yilda tug‘ilgan M.I. ismli erkak “Kamaz” yuk avtomashinasini boshqarib ketayotib, uxlab qolishi natijasida rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l yoqasida o‘rnatilgan reklama ustuni hamda temir-beton bordyurga borib urilgan.

Foto: YHXBB

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yuk mashinasi reklama ustuniga urilganidan so‘ng portlash sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Avtomobil qisqa fursat ichida olov ichida qolgan.

FVV avtomobilning motor va salon qismida yong‘in yuzaga kelganini xabar qilmoqda. Yong‘in-qutqaruv jangovar bo‘linmalari soat 05:56 da manzilga yetib borgan hamda yong‘in 06:18 da to‘liq bartaraf etilgan. FVVning qayd etishicha, voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi jalb qilingan.

Foto: FVV

YHXBB axborot xizmati YTH oqibatida 38 yoshli haydovchi M.I. voqea joyida, yo‘l chetida turgan piyoda (Doston ismli, yoshi taxminan 25-30 larda bo‘lgan yigit, ayni vaqtda shaxsiga va o‘limi sababiga aniqlik kiritilmoqda) tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etganini ma’lum qildi.

Foto: YHXBB

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.