UEFA Yevrokuboklar joriy mavsumidagi musobaqalarni qanday davom ettirish haqida bir qarorga keldi, deya xabar qilmoqda Sky Sport Italia.
Chempionlar Ligasi Lissabonda “sakkiz finalchi” formatida o‘tkaziladi. Chorak finallar 12—15-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi, yarim finallar — 18—19-avgust, final uchrashuvi esa 23-avgustga belgilangan.
Musobaqaga iyul oyi o‘rtalarida qur’a tashlanadi.
1/8 finaldan o‘rin olgan “Yuventus” — “Lion” va “Barselona” — “Napoli” uchrashuvlari 7—8-avgust kunlari Turin hamda Barselonada o‘tkaziladi. “Manchester Siti” — “Real” va “Bavariya” — “Chelsi” o‘yinlarining qayerda bo‘lib o‘tishiga aniqlik kiritilmagan.
Yevropa Superkubogi 24-sentabr kuni Budapeshtda o‘tkaziladi.
Mazkur qaror tashkilotning 17-iyun kungi yig‘ilishida tasdiqlanadi. Eslatib o‘tamiz, “Atalanta”, “Atletiko”, PSJ va “Leypsig” jamoalari Chempionlar Ligasi chorak finaliga yo‘llanma olgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)