Naked Science saytida endokrinolog Zuhra Pavlovaning COVID-19’dan tuzalgan bemorlarda keyinchalik uchrayotgan qaltiroq alomatlariga nisbatan bildirgan fikrlari e’lon qilindi.

Koronavirus pnevmoniyasining eng keng tarqalgan alomatlaridan biri — isitmali qaltiroq va tana haroratining yuqori ko‘tarilishidir. Boz ustiga, qaltiroq COVID-19’ni isitmasiz o‘tkazgan va allaqachon tuzalib ketganlarda ham kuzatilishi mumkin. Tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-endokrinolog Zuhra Pavlova buning sababini tushuntirib berdi.

Zuhra Pavlova.

Foto: Naked Science

SARS-CoV-2 koronavirusining membrana orqali hujayra ichiga kirib olishga yordam beradigan asosiy retseptorlardan biri angiotenzin o‘zgartiruvchi ferment ACE2 ekani aniqlangan. Bu retseptor turli xil hujayra turlarida — o‘pkada, nafas yo‘llarida, ichakda va hatto asab tizimida ham rivojlanadi.

Aynan markaziy nerv sistemasi hujayralarining koronavirus bilan zararlanishi tufayli odam tanasida keyinchalik ham qaltiroq saqlanib qolaveradi. Shu bilan birga, asab tolalarining mielin qobig‘i zararlanishi hamda miyadagi mayda tomirlarda qonning ivish jarayoni izdan chiqishi mumkin va bu mikroinsultlarga sabab bo‘ladi. Ushbu jarayonning asoratlaridan biri haroratni nazorat qilish (termoregulyatsiya) funksiyasining buzilishi orqali yuzaga keladi va shu narsa qaltiroqlarga sabab bo‘ladi.

Foto: Naked Science

Bemorlar ko‘pincha bu narsani kasallikning qaytadan yuqishi deb o‘ylashyapti va hatto dorilarni boshqatdan boshlab qabul qilishmoqda. Biroq testlar manfiy chiqib, organizmda koronavirus yo‘qligini ko‘rsatib turgani uchun olimlar gap aynan markaziy asab tizimidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ekani haqidagi xulosaga keldi”, — degan Pavlova. Bunday o‘zgarishlar qayta tiklanuvchanmi yoki yo‘q — bu haqida olimlar hozircha biror narsa deya olmaydi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Afsuski, bu borada rasmiy klinik tavsiyalar mavjud emas. Pavlova aytilaverib siyqasi chiqqan, lekin samarasi katta bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng oddiy narsalarni tavsiya qilmoqda: issiq choy yoki shunchaki mavsumiy mevalar qo‘shilgan iliq suv ichish. Post-COVID asoratini yo‘qotish uchun eng maqbul meva bu malina bo‘lib, u tomirlarni kengaytirish ta’siriga ega.