1967-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Impala’ning egasi uzoq vaqtdan buyon avtomobilini qayta tiklash bilan shug‘ullanib kelgan, biroq kunlarning birida xizmat safaridan qaytib kelgach, mashinasini topa olmagan. Ma’lum bo‘lishicha, sevgilisi u yo‘qligida mashinani chiqindixonaga tashlab yuborgan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Erkak to‘rt eshikli Chevrolet Impala’ni 2019-yilning fevralida sotib olgan va restavratsiya qilishga kirishgan. Shundan so‘ng, u ikkita mashina sig‘adigan garaji bor uy ham sotib olgan. Vaqt o‘tishi bilan mashinaning detallari butun garajni egallagan va shu sabab erkakning sevgilisi o‘z mashinasini qo‘yishga joy topa olmay qolgan.

Xizmat safaridan qaytib kelgan erkak garajdagi Chevrolet Impala va uning ehtiyot qismlari o‘rniga qizning mashinasiga duch kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, erkak yo‘qligida qiz mahalliy chiqindixona ishchilariga murojaat qilib, mashinani olib ketishlarini so‘ragan. Ta’kidlanishicha, Impala’ni qayta ta’mirlash uchun erkak 11 ming dollardan ortiq pul sarflagan. Chevrolet Impala egasi zudlik bilan politsiyaga murojaat qilgan va sobiq sevgilisini sudga bergan.

Uyda kuzatuv kameralari bo‘lgani sabab avtomobil chiqindixonadan topilgan. Endilikda erkak barcha ehtiyot qismlarni avtomobilga qayta qotirib chiqishni rejalashtirmoqda, u butun ish jarayonini kameraga suratga olgan.