Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020-yil 15-iyunga qadar uzaytirildi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda “yashil” hududlarda joylashgan sanatoriy, pansionat, bolalar oromgohlari va boshqa dam olish maskanlariga fuqarolarni markazlashtirilgan tartibda tashish uchun viloyatlararo avtobuslar, shu jumladan turistik tashkilotlar avtobuslari qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berildi.
Bunda:
- Avtobuslarda haydovchi va yo‘lovchilar tibbiy niqob, tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi lozimligi, shuningdek, ularning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning avtobus saloniga chiqarilmasligi;
- avtobuslar viloyatlararo qatnovlarda “qizil” hududlarda to‘xtamagan holda harakatlanadi;
- avtobuslar doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi;
- avtobuslarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning reyslar kesimidagi ro‘yxati (bazasi) yuritiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi keng miqiyosda tarqalishining oldini olish maqsadida 27-mart dan boshlab viloyatlararo yo‘nalishlarda barcha turdagi avtotransport vositalarining harakatlanishi to‘xtatilgandi. Ushbu cheklov faqat yuk tashuvlari bilan shug‘ullanayotgan avtotransport vositalari va ularning haydovchilariga nisbatan tatbiq etilmagandi.
Avvalroq O‘zbekistonda karantin 15-iyungacha uzaytirilgani hamda “Yashil” hududlarga to‘y-ma’raka o‘tkazishga ruxsat berilgani xabar qilingandi.
Izoh (0)