“Bavariya” Germaniya chempionatining 28-turida “Borussiya D”ni mag‘lubiyatga uchratdi (1:0).
Bu myunxenliklar ustozi Hans-Diter Flik uchun “Bavariya” boshqaruvida 18-o‘yindagi 15-g‘alaba bo‘ldi. Germaniyalik mutaxassis jamoa tarixida Xosep Gvardioladan keyin mazkur natijaga erishgan ikkinchi murabbiy bo‘ldi. 2013—2016-yillar mobaynida “Bavariya”ni boshqargan ispaniyalik murabbiy hozirda “Manchester Siti” ustozi hisoblanadi.
Flik 2019-yilning yozida “Bavariya”ning o‘sha vaqtdagi ustozi Niko Kovachning yordamchisi etib tayinlangandi. Noyabr oyida mutaxassis iste’foga chiqarilgan Kovachning o‘rnini egalladi.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus sabab mart oyida to‘xtab qolgan Bundesliga joriy mavsumi may oyi o‘rtalaridan qayta tiklandi. Hozirda “Bavariya” 64 ochko bilan yetakchilikni qo‘lga olgan holda eng yaqin ta’qibchisini 7 ochkoga ortda qoldirmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)