Buxoro viloyati Jondor tumanida “Agrokimyohimoya” AJ Yakkatut tumanlararo maxsus bazasi ombori mudiri mineral og‘itlar uchun olingan pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jondor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ombor mudiri N.R. o‘zining xizmat mavqeyidan foydalanib, “Sh.O‘.” fermer xo‘jaligi rahbari I.O‘.ga ombordan mineral o‘g‘itlarni olib kelib berishni va’da qilgan.
N.R. fermerning ishonchnomasi orqali xo‘jalik nomiga 52,1 million so‘mlik mineral o‘g‘itlarni rasmiylashtirib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan N.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)