Braziliyada oxirgi bir sutka ichida COVID-19 koronavirus infeksiyasidan vafot etganlar soni 965 nafarga ko‘paydi. Mamlakatda infeksiya oqibatida o‘lganlarning umumiy soni 22 013 nafarga yetgan. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib “RIA Novosti” xabar qilgan.

Foto: Reuters

Oxirgi 24 soat davomida Braziliyada 16 508 nafar odam SARS-CoV-2 virusini yuqtirib olgan va umumiy kasallanganlar soni 347 398 nafarga yetgan, bu dunyo bo‘yicha AQShdan keyingi ikkinchi ko‘rsatkich.

Butun dunyoga kofe hamda futbolchi eksport qilish bilan tanilgan Lotin Amerikasi davlatida 22 013 kishi koronavirus infeksiyasi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan, 142 587 nafar bemor kasallikdan tuzalgan.

Butun dunyoda 24-may holatiga ko‘ra koronavirus bilan kasallanganlar soni 5 311 089 kishiga yetgan. O‘tgan bir sutka ichida kasallar soni 99,5 ming kishiga ortgan. Pandemiya boshlanganidan buyon hozirga qadar 342 104 bemor koronavirus qurboniga aylangan, 2,11 million kishi sog‘aygan.