O‘zbekistonda 23-may, shanba kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 79 ta holat aniqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevning ma’lum qilishicha, kasallanish holatlarining 70 tasi xorijdan kelib, karantinga olinganlarda, to‘qqiztasi esa aholi orasida aniqlangan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Shanba kuni koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar faqat Samarqand viloyati va Toshkentda o‘zgardi — Samarqandda aholi orasida yetti kishida, Toshkent shahrida esa aholi orasida ikki kishida koronavirus aniqlandi, qolgan 70 ta holatning bari xorijdan kelib, poytaxt mintaqasida karantinga olinganlardir.

Ayni vaqtda, 23-may davomida koronavirusga chalingan 40 nafar bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Xususan, Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 17 kishi, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 16 kishi, Namangan viloyatida esa yetti kishi sog‘aydi.

23-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 3115 nafarni tashkil etmoqda, ulardan 2532 nafari (81 foizi) sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan, 570 nafar bemor davolanishni davom ettirmoqda; bemorlarning 13 nafari koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan.

Ma’lumot o‘rnida, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hududlar bo‘lib turibdi. Qoraqalpog‘iston va Namanganda koronavirusdan davolanayotgan to‘qqiz nafardan, Andijon viloyatida esa sakkiz nafar, Xorazm viloyatida uch bemor qolgan — to‘rttala hududda kasallikdan davolanib bo‘lganlar ulushi 90 foizdan yuqori.

Ayni vaqtda eng ko‘p bemorlar Toshkent shahrida (371 nafar), Samarqand viloyatida (107 nafar) va Navoiy viloyatida (70 nafar) bo‘lib turibdi. Navoiy viloyatida 15-martdan buyon koronavirusga chalinish bilan bog‘liq jami 72 ta holat aniqlangani hisobga olinsa, hududdagi vaziyat (sog‘ayganlar atigi 3 foizni tashkil qilmoqda — bu mamlakat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich) ayniqsa og‘ir ekani anglashiladi.