O‘zbekistonda 23-may soat 22:30 holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 26 kishiga ko‘payib, 3115 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Yangi kasallanish holatlarining 25 tasi karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasidan, yana bittasi esa Qozog‘istondan kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida aniqlangan.

“Karantinda bo‘lganlarning 22 nafari chet eldan kelgan, uch nafari esa kasallikni bemorlar bilan muloqotda yuqtirgan”, — deyiladi SSV axborotida.

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha 2532 nafar koronavirusga chalingan fuqaro butunlay sog‘aygan, 544 bemor esa davolanishni davom ettirmoqda; 13 nafar bemor infeksiya asoratlari oqibatida vafot etgan.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘paydi. 22-may kuni Samarqand viloyatida 24 kishida, Navoiy viloyatida 21 kishida, Toshkent viloyatida bir kishida koronavirus aniqlangan edi, 23-may kuni Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalingan ikki fuqaro aniqlandi.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini hushyor bo‘lishga, ehtiyot choralarini ko‘rishga, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirmoqda. “Yon-atrofimizda koronavirusga chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi”, — deyiladi vazirlik murojaatida.