Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron koronavirus pandemiyasidan keyin Yevropa Ittifoqi davlatlarini tiklash uchun fond yaratishni taklif qildi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Qayd etilishicha, jamg‘arma hajmi 500 milliard yevroni tashkil etadi. Yevropa Ittifoqining barcha 27 mamlakati bu mablag‘larni moliya bozorlarida olishlari taxmin qilinmoqda. Pul jabrlangan davlatlarga qarz sifatida ajratiladi.

Merkel va Makron yaqin orada Yevropa Ittifoqining boshqa a’zolari bilan fond yaratish bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilishlarini bildirgan. Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Fransiya va Germaniyaning bu taklifini qo‘llab-quvvatlagan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar qatoriga kiradi. Jons Hopkins universitetining 18-may kungi ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda, Italiya — oltinchi, Germaniya esa yettinchi o‘rinda.

Avvalroq Yevropa iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi va unga qarshi qo‘llanilgan cheklov choralari tufayli eng yomon oyni boshdan kechirgani haqida xabar berilgandi.