2020-yilda Jahon energetik agentligi neftga bo‘lgan talab hajmining tarixan mislsiz qisqarishini prognoz qildi. Ayrimlar buni neft erasining intihosi deya baholamoqda. Boshqa mutaxassislar esa karantindan keyin neftga bo‘lgan talab yana keskin ko‘tarilgan taqdirda ham dunyo endi hech qachon neft iste’moli borasida 2019-yilgi ko‘lamga qayta olmasligi ehtimoliga ishonmoqda. “Daryo” The Insider e’lon qilgan bu boradagi tahliliy maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.
Tarixiy miqyoslarning qulashi
Odamzod hali koronavirusdan himoyalanish tufayli hukumatlar ko‘rgan choralar natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz ko‘lamini baholashi kerak. Ishlab chiqarishlarning yopilishi, savdo va biznesining to‘xtashi, yo‘lovchi tashishning keskin pasayishi energiyaga bo‘lgan talabning ham tushib ketishiga olib keldi. Joriy prognozlar kundan kunga yomonlashib bormoqda, inqiroz esa avjiga chiqyapti.
BMTning 1-aprel holati bo‘yicha bergan prognozlariga ko‘ra, jahon YaIM hajmi 2020-yilda bir foizga qisqarishi taxmin qilingan edi. Oradan ikki hafta o‘tib, Xalqaro valyuta fondi (XVF) e’lon qilgan prognozda esa yuzaga kelgan vaziyat “Buyuk karantin” deb izohlangan va jahon YaIM hajmining pasayishi endi uch foiz bo‘ladi degan taxmin bildirilgan. Shuningdek, XVF rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotining yo‘qotishlari esa olti foizgacha borishini bashorat qilmoqda.
Jahon neft bozorida esa koronavirus inqirozi “hamma hammaga qarshi” qabilidagi narx-navo urushini keltirib chiqardi. Natijada iste’mol ham, narxlar ham eng minimumgacha tushib ketdi. Bu o‘rinda prognozlar manfiy ko‘rsatkichli raqamlarni taqdim etmoqda. Mart boshida Xalqaro energetika agentligi joriy yilda neft iste’moli kuniga 0,09 barrelgacha qisqarishi ehtimoli haqida prognoz bergan edi. Aprelda esa ushbu prognoz yanada radikal tarzda qayta ko‘rib chiqildi.
Endilikda kunlik neft iste’moli 9,3 million barrelgacha kamayishi bashorat qilinmoqda. Bu esa tarixan mislsiz qulash bo‘ladi! Xuddi shunday prognozni, shuningdek, Rystad energy analitika guruhi ham taqdim qildi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, kunlik neft iste’moli hajmi pasayishi 2020-yilda 9,6 million barrelga tushib ketadi. Jahonning yirik iqtisodiyotlaridan biri va ayniqsa, neft narxiga bog‘lanib qolgan iqtisodiyot sifatida bundan eng ko‘p jabr ko‘radigan Rossiya Federatsiyasining YaIM hajmi joriy yilda 5,5 foizga orqaga ketishini XVF taxmin qilib o‘tdi.
Hammasi qachon qayta tiklanadi? Tiklanadimi o‘zi?
Bu birinchi navbatda “Buyuk karantin” qachon tugashi bilan bog‘liq. Hozircha esa buni aniq aytishning iloji yo‘q. Ko‘plab tahlilchilar karantin tugagach, bizni keskin iqtisodiy o‘sish kutmoqda, degan fikrda. Masalan, XVF 2021-yilda jahon iqtisodiy o‘sishi 5,8 foiz bo‘ladi deb taxmin qilgan bo‘lsa, Rystad joriy yilning oktabr-noyabr oylaridayoq neft iste’moli inqirozdan avvalgi darajaga chiqadi deb hisoblamoqda (kunlik 100 million barrel). Xalqaro energetika agentligi esa bu borada biroz skeptik: ular dekabrda ham iste’mol hajmi pastligicha qoladi, degan fikrda.
COVID-19 pandemiyasi ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Talab hajmining pasayib ketishi hozirgi tahlilchilar o‘ylagandan ham ko‘ra chuqurroq oqibatlarga olib kelsa-chi? Hozirgi inqiroz iste’molchilik borasidagi qoliplarni o‘zgartiradigan, odamlarning neftga nisbatan munosabatini ham qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladigan turtki bermasmikan?
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab foydalanilayotgan neft hajmining 65 foizi transport vositalariga yoqilg‘i sifatida sarflanadi. Bu sohada esa neft iste’moli bugungi kunda keskin tushib ketgan, chunki yo‘lovchi va yuk tashish hajmi keskin kamaygan. Turizm ham qachon yana inqirozdan avvalgi darajasiga qaytishi ma’lum emas. Virusdan qo‘rqib qolgan va cho‘ntagida puli qolmagan sobiq sayyohlar endi qachongacha uydan chiqmasdan, o‘z tuprog‘ida qolaverarkan? Qachon yana xizmat safarlari boshlanadi?
Endi buyog‘iga hamkorlar uchun o‘zaro muloqot vositasi sifatida masofadan turib muzokara olib borish formatidagi uchrashuvlar kifoya qilaveradimi? Karantin vaqtida uncha-muncha sinovdan o‘tkazib olinayotgan “uydan turib ishlash” amaliyoti ish beruvchilar tomonidan karantindan keyin ham saqlab qolinishiga ham shubha yo‘q. Bu ish beruvchiga xarajatlarni kamaytirish va maqbullashtirish imkonini beradi. Umuman olganda, ko‘pchilikka avvaldan ma’lumki, uydan ishxonagacha bo‘lgan yo‘l ko‘pincha vaqt va moddiy resurslarning ma’nosiz sarflanishidan boshqa narsa emas edi.
Neft iste’moli hajmi pasayishi qachondan boshlanadi?
Ayrim ssenariylarda bu hodisa 2020-yillarning o‘rtalarida yuz berishiga ishora berilganiga qaramay, yaqin-yaqingacha tahlilchilarning ko‘pchiligi neft iste’molining ortishi 2030-yillargacha davom etadi, degan fikrda edi. Neft iste’molining o‘sishi borasidagi prognozlar, asosan, aholining ko‘payish dinamikasi va Xitoy hamda Hindiston singari mamlakatlar aholisining xarid qobiliyati ortishi bilan bog‘lab amalga oshirib kelingan.
Kutilmaganda yuzaga chiqqan koronavirus omili endi inqirozdan keyingi tiklanish davrini hisobga olgan holda neft iste’moliga bo‘lgan talab ham bir muddat yana hali pasayishda davom etishiga ishora bermoqda. Aniqki, ko‘pchilik odamlar inqirozdan keyin ancha kambag‘allashib qoladi va ularning xarid qobiliyati keskin tushib ketadi. Shu sababli ham endi ko‘pchilik o‘zining avvalgi iste’mol odatlarini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Inqirozdan chiqib kelish paytida neft iste’moli hajmi asta-sekinlik bilan o‘sib borgan taqdirda ham unga yondosh ravishda rivojlanib borishi kutilayotgan uglerodsiz transport texnologiyalarining taraqqiy etib chiqishi hamda odamlarning iste’molchilik modelining o‘zgarishi sababli (masalan, endi avtomobildan individual emas, balki jamoaviy foydalanishga o‘tilishi sababli) katta ehtimol bilan baribir jahon neft iste’moli hajmi endi hech qachon 2019-yildagi tarixiy maksimum darajaga qaytmaslik ehtimoli katta. Shunga ko‘ra, o‘tgan 2019-yil tarixan eng ko‘p neft iste’mol qilingan yil bo‘lib qolishi ham mumkin.
Tabiiyki, neftga bo‘lgan talabning ortishi hukumatlar ko‘rayotgan inqirozga qarshi choralarning talablariga ham bog‘liq bo‘ladi. Yevropa yakdillik bilan inqirozga qarshi yordam choralarida “yashil energetika”ga o‘tishni rag‘batlantirish yo‘lidan bormoqda. Hukumat taklif qilayotgan ko‘mak dasturlari biznesdan qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni talab qilish va uglerodsiz transportdan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadlarini ko‘zlagan. Xalqaro energetika agentligi ham inqirozga qarshi rejalarda sof energiya manbalariga o‘tish bandini kiritishga chaqirmoqda. Aytilishicha, inqiroz “iqlimga do‘st” energiya sohalarini rivojlantirishga imkon yaratmoqda.
Lekin baribir oldinga yugurib o‘tib ketish kerak emas. Neft iste’moli maksimumi 2019-yilda qolib ketsa ham yaqin 10-15 yil ichida odamzod neftga bog‘liq iqtisodiyot bilan yashashiga to‘g‘ri keladi. Chunki karantin tugagandan keyin bizni yana o‘sha neft asosida harakatlanuvchi texnologik reallik kutib turibdi. Aeroportlarda biz yana o‘sha samolyotlarga chiqamiz, garajda ham o‘sha-o‘sha benzinda yuradigan mashinalarimiz turibdi. Hozir hamma “hech kim olmayotgan” limmo-lim to‘lib ketgan neft omborlari haqida gapirmoqda. Xalqaro energetika agentligi esa eski va yangi neft konlariga faol sarmoya yo‘naltirilmasa, jahon iqtisodiyoti yaqin yillar ichidayoq neft tanqisligiga duch kelishi mumkinligini prognoz qilgan.
Neftni hayotimizdan butunlay istisno qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan texnologik o‘zgarishlar esa nisbatan sekin kechadi. Shunga qaramay, koronavirus omili bu o‘zgarishlarni sezilarli tezlatishi mumkin. Hozirgi inqiroz sharoiti kelajakda ro‘y beradigan “neft erasining yakuni” nomli ssenariy uchun bosh repetitsiya vazifasini bajarib berayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Izoh (0)