Buyuk Britaniyada koronavirusga chalingan 31 yoshli Omar Teylor bir qancha jiddiy kasalliklarni yengib o‘tib, shifoxonadan chiqdi, deb xabar beradi Daily Mail.
Ta’kidlanishicha, erkakning oilasiga eng yomoniga tayyor turishni maslahat berishgan: u medikamentoz komaga tushirilib, bir oy o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatiga ulab qo‘yilgan.
Teylor o‘ziga kelganidan so‘ng, o‘ng qo‘lini sezmagan va gapirish qobiliyatini yo‘qotgan. Aniqlanishicha, u ikkita insultni boshidan o‘tkazgan. Bunga qadar esa uning qoni zaharlangan va yuragi to‘xtab qolgan.
Tibbiyot xodimlari erkak boshqa hech qachon yura olmasligini taxmin qilgan va uning sog‘ayib ketishini haqiqiy mo‘jiza demoqda.
“Men ikki va to‘rt yoshli farzandlarimga qarab, ularga otasi o‘lganini qanday aytish haqida o‘ylardim”, — deydi Teylorning rafiqasi.
Shunga qaramay, erkak sog‘ayishga muvaffaq bo‘lgan. Teylor kasalxonadan chiqayotganida shifokorlar uni qarsaklar bilan kuzatgan. Hozirda erkakni uzoq davom etadigan sog‘lig‘ini qayta tiklash jarayonlari kutmoqda.
Izoh (0)