Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may, seshanba kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Xususan, “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qiligani ta’kidlandi.
Qarorga ko‘ra:
- to‘qimachilik korxonalari va klasterlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga o‘tiladi;
- 1-aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy to‘lov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;
- to‘qimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytariladi;
- soha uchun muhim bo‘lgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.
“Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, tashish xarajatlari uchun subsidiya beriladigan mahsulot turlari hozirgi 52 tadan 86 tagacha ko‘paytirilgani, bu ro‘yxatga 32 turdagi sabzavot va poliz mahsulotlari hamda ho‘l, muzlatilgan va konservalangan mevalar qo‘shilgani ham yig‘ilishda gapirilgan mavzulardan biri bo‘ldi.
Mazkur transport xarajatini subsidiyalash mexanizmidan 2 mingdan ziyod eksportyor korxonalar foydalanishi imkoniyati yaratilmoqda va bunga budjetdan 360 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
“Bunday choralardan maqsad — korxonalar faoliyatini tez tiklash, eksport hajmini barqaror oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish uchun katta imkoniyat yaratish. Shu sababli barcha darajadagi rahbarlar doimiy ravishda har bir tuman va mahallada yangicha g‘oya hamda tashabbuslarni joriy etib, oddiy xalq yoki kambag‘alning hayotini yaxshilash, ularni band qilish va daromadini oshirish masalalari bilan ustuvor darajada shug‘ullanishi kerak”, — degan Shavkat Mirziyoyev.